Avvalroq Spot 21-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev neft-gaz sohasida xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar bergandi. Prezident mavjud konlarda neft va gaz qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda prezidentning Ozarbayjonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
Xususan, Ozarbayjonning SOCAR davlat kompaniyasini istiqbolli uchastkalarda geologiya-qidiruv ishlariga jalb qilish, hujjatlarning tayyorligi va ishlarni jadallashtirish bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi.
“Prezidentning davlat tashrifi chog‘ida Ustyurt mintaqasidagi konlarda neft qidirish va qazib olish bo‘yicha SOCAR bilan kelishuvga erishildi. Qisqa vaqt ichida barcha hujjatlar tayyorlandi va hafta oxirigacha [mahsulotni] taqsimlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash rejalashtirilgan”, — dedi Energetika vazirligi rahbari.
Davlat rahbari kelishuv doirasidagi ishlarni jadallashtirish, oylar kesimida va 2025-yil oxirigacha aniq vazifalarni belgilash bo‘yicha topshiriq berdi. Xorijiy hamkorlar bilan ishlarni byurokratik to‘siqlarni istisno qilgan holda yangi usul asosida olib borish rejalashtirilmoqda, deya ta’kidladi Mirzamahmudov.
2024-yil avgust oyida O‘zbekneftgaz va SOCAR neft-gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Ozarbayjon davlat kompaniyasi Ustyurt platosida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi.