Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, Zomin texnoparki maxsus sanoat zonasini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbupt xizmati xabar berdi.
Bu majmua qurilishini o‘tgan yili 27-iyunda davlat rahbari boshlab bergan edi. 400 gektarda barpo etilayotgan texnoparkda xitoylik investorlar bilan birgalikda $1,2 mlrdlik 31 ta loyiha amalga oshiriladi.
O‘tgan davrda zarur infratuzilma va inshootlar barpo etildi. Yaqinda ilk korxona — Xinjiang Honglin Tiandi kompaniyasi tomonidan qiymati $10 mlnlik beton mahsulotlari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. Natijada 60 kishining bandligi ta’minlandi.
Ayni kunlarda $42 mlnlik ikkinchi loyiha bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda. Unda Midea brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnikalari ishlab chiqariladi va 150 ta ish o‘rni ochiladi.
Birinchi bosqichda maxsus sanoat zonasiga 9 ta loyiha joylashtirilgan. Bugungi kunda qariyb $300 mlnlik yana 7 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda.
Ularda qurilish materiallari, konstruksiyalar, elektr texnikasi va kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi, logistika va trening markazi tashkil etiladi.
Umuman, sanoat zonasidagi barcha loyihalar natijasida qariyb 5 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, 15 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirilib, $70 mlnlik eksport salohiyati yaratiladi. 5 mingdan ortiq fuqaro ishli bo‘ladi.
Prezident investorlarga ko‘maklashib, loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Sanoat sohalariga mos mutaxassislar tayyorlash, yoshlar bandligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.