Qozog‘istonning Halyk Banki va O‘zbekistonning Click to‘lov xizmati o‘rtasidagi bitimni yakunlash uchun tartibga soluvchi organlarning ruxsati kerak. Bitim shartlariga ko‘ra, Halyk Bank Click’dan 49% ulushini $176,4 mlnga sotib oladi, Click esa Tenge Bank aksiyalarining xuddi shuncha qismini $60,76 mlnga oladi.

“Bitim ishtirokchi davlatlar qonunchiligiga to‘liq muvofiq holda amalga oshirilmoqda. Tomonlar barcha tegishli davlat organlariga zarur hujjatlarni taqdim etmoqda va kerakli ruxsatnomalarni olish uchun regulyatorlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Tomonlarning operatsion va yuridik faoliyatining mustaqilligi saqlab qolinishi hisobga olingan holda, kelishuv qisqa muddatda kuchga kirishi kutilmoqda”, — deyiladi Click xabarida.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati Spot’ga bitim ishtirokchilari iqtisodiy konsentratsiya uchun oldindan rozilik olishlari kerakligini tasdiqladi. Idoraning ma’lum qilishicha, kompaniyalardan hali tegishli ariza kelib tushmagan.

“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 27-moddasiga ko‘ra, ariza raqobatga ta’siriga qarab 30 kundan ikki oygacha ko‘rib chiqiladi. Arizada davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi, bitim taraflari tomonidan ikki yil mobaynida ishlab chiqarilgan va sotilgan faoliyat turlari, tovar turlarining nomlari va ularning hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, oldingi ikki yil uchun moliyaviy va statistik hisobotlar, shaxslar guruhining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bunday shaxslar ushbu shaxslar guruhiga kirishi asoslari va asosiy benefitsiar mulkdorlar ko‘rsatilgan holda taqdim etilishi kerak.

“Vakolatli davlat organining oldindan roziligini olmasdan tuzilgan, tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keladigan iqtisodiy konsentratsiyalash bo‘yicha bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin”, — deyiladi qonunda.

Bundan tashqari, Halyk Bank va Click Markaziy bankdan ruxsat olishi kerak. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonunning 65-moddasiga ko‘ra, regulyator bitim natijasida bank ustav kapitalidagi 20%dan 50%gacha bo‘lgan ulushni sotib olishga ruxsat beradi. Bitim natijasida Click to‘lov xizmati Halyk Bank sho‘ba korxonasi bo‘lgan Tenge Bank aksiyalarining 49%ini olishi kerak.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi 31 ta korxonani ustun muzokara kuchiga ega deb topgani haqida yozgandi. Bular qatorida OKMK, Neftgaztadqiqot hamda Navoiy temir yo‘l transporti korxonasi bor.