Qozog‘istonning Halyk Banki O‘zbekistondagi Click kompaniyasi aksiyalarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu shartnomaga ko‘ra, Halyk Click aksiyalarining 49%ini sotib oladi, shuningdek, o‘zining to‘liq nazoratidagi O‘zbekiston sho‘ba korxonasi Tenge Bank aksiyalarining 49%ini Click aksiyadorlariga sotadi.
Kelishuvga binoan, Halyk Bank Clickning 49%i uchun $176,4 mln to‘laydi, Click aksiyadorlari esa Tenge Bank’ning 49%i uchun $60,76 mln to‘laydilar.
Bitimning tuzilishi ikki tomon o‘zlarining mavjud huquqiy tuzilmalarini saqlab qolgan holda yaqin hamkorlikda ishlash imkoniyatini yaratadi.
Tomonlar Click ilovasi foydalanuvchilar uchun odatiy formatda ishlashda davom etishini, Tenge Bank esa chakana va korporativ bank mahsulotlarini yanada rivojlantirishini ta’kidladilar:
Ikkala bitimning bajarilishi uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonda tartibga soluvchi organlar tomonidan tasdiqlanishi kerak.
2023-yil 12-iyun kuni Click to‘lov tashkiloti Uzum kompaniyalar guruhi bilan birlashayotgani ma’lum qilindi.
Click egalari Uzum guruhi bosh kompaniyasining ulushiga ega bo‘lishi va jamoa loyihani ishlab chiqish ustida ishlashni davom ettirishi ta’kidlangan edi.
Biroq, 2024-yil iyun oyida Uzum raqamli ekotizimi Click to‘lov tashkiloti bilan birlashmaslikka qaror qilgani haqida xabar berildi.
“Uzum direktorlar kengashi tegishli tekshiruv jarayonini tugatgandan so‘ng, kompaniyalar qo‘shilishidan voz kechishga qaror qildi. Kompaniya yopiq ekotizimga asoslangan o‘zining fintex-xizmatlarini rivojlantirishda katta imkoniyatlarni ko‘rmoqda”, — deya qayd etdi “Uzum” qaror sanasini ko‘rsatmasdan.
Avvalroq Spot TBC Bank Group O‘zbekistondagi BILLZ startapidan $12 mlnga nazorat paketini sotib olishi haqida yozgandi.
TBC aksiyalarning 53%ini $9 mlnga xarid qildi hamda ikki yil ichida ulushini 60% ga oshiradi. Keyinchalik guruh qolgan 40% ni sotib olishi mumkin.