Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi tibbiyot talabalarini Markaziy Amerikadagi uchta va O‘zbekistondagi bittatibbiyot oliygohiga o‘qishga kirmaslikni tavsiya qildi. Bu haqda Medical Dialogues xabar bermoqda.

Komissiyasi to‘rtta tibbiyot institutini ro‘yxatga oldi, jumladan:

  • Markaziy Amerika sog‘liqni saqlash va fanlar universiteti, Beliz;
  • Kolumbus markaziy universiteti, Beliz;
  • Vashington sog‘liqni saqlash va fanlar universiteti, Beliz;
  • Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiq filiali, O‘zbekiston.

Hindistonning Meksikadagi elchixonasi va Hindiston Tashqi ishlar vazirligining Yevroosiyo bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, muassasalarda bir qator muammolar aniqlangan. Asosiy e’tirozlar tibbiy ta’lim sohasidagi standartlarga rioya qilinmagani, ta’lim va o‘quv-klinika quvvatlari sifatining pastligi bo‘ldi.

Shuningdek, kampuslar infratuzilmasining qoniqarsiz holati yoki yo‘qligi, hindistonlik talabalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari, yuqori to‘lovlar va o‘qishni to‘xtatganda pulni qaytarishdan bosh tortish holatlari qayd etildi.

Komissiya standartlarga javob bermaydigan oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarni Hindistonga qaytishda tibbiyot xodimi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Ularga OTMni tibbiyot sohasidagi xorijiy ta’lim me’yorlariga muvofiqligini “baholash” va zarur hollarda “tuzatish choralarini ko‘rish” tavsiya etildi.

Aprel oyida Toshkent tibbiyot akademiyasining hindistonlik talabasi Reddit’da universitetni tanqid qilib post qoldirgan edi. U ta’lim sifatining pastligi, o‘qituvchilarning ingliz tilini yaxshi bilmasligi, shuningdek, yotoqxonadagi antisanitariya sharoitlarini ta’kidladi.

Oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “xorijlik talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish” maqsadida 6-may kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Vazirlikning ta’kidlashicha, u hindistonlik va boshqa xorijlik talabalar bilan suhbat o‘tkazgan va tashrif yakunlari bo‘yicha universitet rahbariyatiga ular uchun “qulayliklar sonini ko‘paytirish"ni tavsiya qilgan.