Malayziyaning Tenaga Nasional Berhad korporatsiyasi O‘zbekistonning tog‘li hududlarida gidroelektrostansiyalar qurishi mumkin, deya xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.
Kuala-Lumpurda O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Tenaga Nasional Berhad prezidenti va bosh ijrochi direktori Megat Jaloliddin bin Hasan bilan energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralarda Malayziya korporatsiyasining elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste’molchilarga yetkazib berishning to‘liq siklini qamrab olgan tajribasi O‘zbekistonda joriy etish uchun foydali bo‘lishi ta’kidlandi.
Tenaga Nasional Berhad kompaniyasiga respublikaning tog‘li hududlarida kichik va o‘rta GESlar qurishga investitsiya kiritish, davlat-xususiy sheriklik asosida elektr tarmoqlari infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish taklif etildi.
Malayziya korporatsiyasi prezidenti taqdim etilgan takliflar kompaniya mutaxassislari tomonidan ijobiy ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Tomonlar hamkorlik loyihalarini muhokama qilish uchun Tenaga Nasional Berhad mas’ul xodimini biriktirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Tenaga Nasional Berhad 1949-yilda tashkil etilgan Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik energiya kompaniyasi hisoblanadi. Mamlakat hukumati nazorati ostidagi maqsadli jamg‘armalar korporatsiya aksiyalarining 45%iga egalik qiladi. Korporatsiyaning asosiy faoliyati elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash, elektr stansiyalarini ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish, muhandislik, qurilish va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, ko‘mir qazib olishdan iborat.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda jazirama tufayli kunlik elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord yangilangani haqida yozgandi.
18-iyul kuni kunlik iste’mol 272,6 mln kVt/soatni tashkil etib, qishki maksimumdan oshib ketdi. Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi.