Termiz-Samarqand yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Surxondaryo viloyati Transport boshqarmasi tashabbusi bilan aholiga yanada keng imkoniyatlar yaratish hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Termiz-Samarqand (Qarshi orqali) yo‘nalishi bo‘yicha yangi avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Qayd etilishicha, muntazam qatnovlar har kuni soat 06:40 da Termiz avtovokzalidan amalga oshiriladi.
Hokimlik mazkur qatnov yo‘lovchilar uchun xavfsiz, arzon va qulay transport xizmatini ta’minlashini, viloyatlar o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlashni hamda Qarshi va Samarqand kabi tarixiy shaharlarga safarlarni osonlashtirishini ta’kidlamoqda.
Yo‘nalishda harakatlanadigan zamonaviy avtobuslar barcha zarur qulayliklar bilan jihozlangan bo‘lib, sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
Avvalroq Spot 11-iyundan Toshkentdan Issiqko‘lga mavsumiy avtobus qatnovlari boshlanishi haqida yozgandi.
Chipta narxi 300 ming so‘m bo‘lgan avtobuslar qatnovi haftaning toq kunlarida amalga oshiriladi.