Los-Anjeles shahrida Tesla brendining birinchi restorani ish boshladi. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.
G‘arbiy Gollivud hududidagi ikki qavatli restoran 24/7 rejimida ishlaydi va burgerlar, tako va pop-korn kabi klassik “tez tayyorlanadigan” taomlarni taklif qiladi. Tesla ma’lumotlariga ko‘ra, restoranda bir vaqtning o‘zida 250 dan ortiq mijoz joylashishi mumkin.
Tesla Diner avtoturargohida 80 ta quvvatlash stansiyasi, shuningdek, diagonali taxminan 20 metr bo‘lgan ikkita ekranga ega avtomobil kinoteatri (drive-in) mavjud.
Pop-kornni tashrif buyuruvchilarga tarqatish uchun Optimus robot-gumanoididan foydalaniladi, Tesla elektromobillari egalari esa bortdagi multimedia tizimi yordamida salondan buyurtma berishlari mumkin.
Foto: Vcg / Visual China Group / China News Service / Getty Images
“[Biz] Tesla egalari bo‘lishidan qat’i nazar, hamma uchun quvonchli tajribani taqdim etishni maqsad qilganmiz. Yaxshilanishda davom etamiz”, — dedi Ilon Mask.
Shuningdek, milliarder muvaffaqiyatli ishga tushirilsa, Tesla Diner restoranlari dunyoning boshqa yirik shaharlarida va avtomagistrallardagi Supercharger stansiyalari yaqinida paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Muassasalardan birini Texasda, SpaceX kosmodromi yaqinida ochish rejalashtirilgan.
Foto: Tesla / X
Tesla brendi ostidagi umumiy ovqatlanish g‘oyasi 2018-yilda, Mask Los-Anjelesdagi zaryadlash stansiyalaridan birining yonida kinoteatrli restoran tashkil etish rejalarini e’lon qilganidan beri muhokama qilingan. Bir necha oy o‘tgach, kompaniya megapolis chekkasida — Santa-Monikada restoran va yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurishga ruxsat so‘radi.
2021-yil may oyi oxirida Tesla AQSh Patentlar va savdo belgilari byurosiga restoran xizmatlari uchun o‘z brendidan foydalanish uchun ariza topshirdi. Bundan biroz oldin Mask “2050-yillar uslubidagi tamaddixona” ochish rejalarini eslatib o‘tgandi.
Avvalroq Spot Tesla AQShda quyosh batareyali birinchi quvvatlash stansiyasini ishga tushirgani haqida yozgandi.
Elektromobillarni zaryadlash uchun elektr quvvati 39 MVt/soat bo‘lgan statsionar batareyalardan olinadi.