Tailand mamlakatga $1 mln miqdorida investitsiya kiritganlarga “oltin viza” dasturini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bangkok Post nashri xabar berdi.

Mamlakat sobiq bosh vazir Taksin Chinavat Tailandga badavlat chet elliklar uchun “oltin viza” tizimini joriy etishni taklif qildi. Bu tizim orqali ular mamlakatda doimiy rezident maqomini olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, u iqtisodiyotning sustlashishiga qarshi chora sifatida Tailand aeroportlari boshqarmasi (AOT)ga yo‘lovchilar uchun xizmat haqlarini oshirishni tavsiya etdi.

Taksin mamlakatga 600 ming kishini jalb qilish mumkinligini ta’kidlab, ularning har biri viza uchun $1 mln miqdorida mablag‘ qo‘yishini bildirdi.

Buning evaziga ular Tailandda ko‘chmas mulk sotib olish huquqini qo‘lga kiritishadi, bu esa ko‘chmas mulk sohasini rivojlantirishga yordam beradi. Olingan mablag‘lar esa tailandliklar uchun ta’limni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Nashrning ta’kidlashicha, oltin viza dasturi Tailandning $500 mlrdlik iqtisodiyotiga teng mablag‘ni jalb qilishi mumkin.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda “oltin viza” narxi $250 mingga qimmatlashgani haqida yozgandi.

Tegishli ruxsatnoma ariza beruvchining har bir oila a’zosiga $150 mingga beriladi. Hujjat 5 yil davomida amal qiladi.

“Oltin viza” olgan xorijiy fuqaroning oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari) uchun hujjat narxi $150 mingni tashkil etadi. Hujjat 5 yil davomida amal qiladi. Yangi tartib joriy yilning 1-iyunidan kuchga kirishi kutilmoqda.

Adliya vazirligining 19-aprel sanasidagi xabarida, ya’ni yashash guvohnomasini olishning yangi tartibi joriy etilishi e’lon qilinganda, mos ravishda $200 ming va $100 ming miqdoridagi summalar tilga olingan edi. Biroq, Telegram-kanal ma’lumotlariga ko‘ra, 24-aprel kuni ushbu xabarga o‘zgartirishlar kiritilgan.

“Oltin viza”

2019-yildan beri O‘zbekistonda 109 ta davlat fuqarolariga ko‘chmas mulk xarid qilish orqali yashash ruxsatnomasini olish dasturi amal qilmoqda.

Dastur ishga tushirilgan paytda uy-joy narxi joylashuviga qarab $100 mingdan $400 minggacha bo‘lishi kerak edi — eng yuqori narx Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun belgilangan.

2022-yilda prezident Toshkentda vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirish uchun talab qilinadigan ko‘chmas mulk narxini $300 minggacha pasaytirdi. O‘sha vaqtda chet elliklardan yashash uchun ruxsatnoma talab qilinmagan holda, hududlarda $70 mingdan, Toshkentda esa $150 mingdan yuqori qiymatga ega ko‘chmas mulklarni sotib olishlariga ruxsat berildi.

2022-yilning kuzida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (hozir — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) mamlakat iqtisodiyotiga kamida $1 mln sarmoya kiritgan chet elliklarga O‘zbekiston fuqaroligiga soddalashtirilgan qabulni joriy etishni taklif qilgan edi.

2024-yil avgust oyida “oltin pasport” masalasi yana bir bor ko‘tarilgan edi. Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida Yuqorichirchiq Energy Systems kompaniyasi asoschisi Aziz Alimov mamlakat iqtisodiyotiga 10−15 mln dollar sarmoya kiritgan investorlar uchun O‘zbekiston fuqaroligini olish imkoniyatini yaratishni taklif qildi.