Hukumatning 23-iyul kuni sug‘urta bozorini takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.

Hujjat Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil mart oyida sug‘urta xizmatlari bozorini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilaydi. Xususan, avtotransport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibi o‘zgaradi.

Avtomobil egalari uchun sug‘urta tariflari aktuar hisob-kitoblar asosida qayta ko‘rib chiqildi. Sug‘urta puli va sug‘urta mukofotlari miqdori bozor tamoyillariga muvofiq belgilanadi, deya qayd etdi ILMA.

2026-yil 1-yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta summasini 80 mln so‘mgacha (amalda 40 mln so‘m) oshirilishi belgilandi.

Bu o‘z navbatida YTH natijasida jabrlangan shaxslarning mol-mulkiga, hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash uchun yo‘naltiriladigan mablag‘ning bugungi kun talabiga mos ravishda bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, haydovchilar soniga qarab cheklangan va cheklanmagan polislarni rasmiylashtirish mexanizmi belgilanmoqda.

Bunda aybdor deb topilgan sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchisi tomonidan sug‘urta da’volari va boshqa nizolarni ko‘rib chiqish tartibi aniqlashtirildi.

Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasiga transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan huquqiy maslahat hamda YTH to‘g‘risidagi xabarnoma bilan bog‘liq adjasterlik xizmatini ko‘rsatish funksiyasi qo‘shildi.

Majburiy sug‘urtalash majburiyatining bajarilishini nazorat qilish uchun mas’ul organlar va Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yuritish tartibi aniqlashtirildi.

Qaror bilan manfaatdor davlat organlari bilan majburiy sug‘urta bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

2026-yil 1-apreldan Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etiladi. Bu polislarni rasmiylashtirishda sug‘urta mukofotlari tushumlarining markazlashtirilgan hisobini yuritilishini ta’minlaydi.

Fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilmagan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

2024-yil oktabrida ILMA O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta tariflarini ikki baravarga — 80 mln so‘mgacha oshirish taklif qilgandi. Agentlik bu aksariyat hollarda budjet segmentidagi avtomobillar uchun yetkazilgan zararni qoplashga yetarli bo‘lishini qayd etgandi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda milliy qayta sug‘urta kompaniyasi tashkil etilishi haqida yozgandi.

Uning ustav kapitali 300 mlrd so‘mni tashkil etib, uning yarmi ILMA, qolgan qismi esa xususiy investorlarga tegishli bo‘ladi.