O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki ochilmoqda. Bu haqda “rasmiy manbalar"ga tayanib, Bankers.uz nashri xabar berdi.
Tayyab Finance mikromoliya tashkiloti birinchilardan bo‘lib mikromoliya bankiga aylanish uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnoma oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mikromoliya bankining ta’sischisi va boshqaruv tarkibi bankirlar (yirik banklarda ishlashgan va keyinchalik raqamli banklarda tajriba orttirgan)dan iborat bo‘ladi.
Yangi va birinchilardan bo‘lib ochilishi ko‘zda tutilgan mikromoliya banki raqamli bank sifatida faoliyat yuritishi ko‘zda tutilib, barcha turdagi bank xizmatlarini keng tarmoqli ofislarida ko‘rsatadi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Tayyab Finance Mikromoliya Tashkiloti 2022-yil oktabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Sergeli tumanida joylashgan XMIning ustav fondi 13,9 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ta’sischilar — “aksiyadorlar” (100%), direktor — Xo‘jamurodov Shermuhammad Egamberdiyevich. YaIDXPda ta’sischilar sifatida Hanipova Almira Faritovna va Mustaqimov Akbarbek Rovshanbek o‘g‘li (50%dan) ko‘rsatilgan.
Fevral oyi o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev minimal ustav kapitali 50 mlrd so‘m bo‘lgan mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasidagi oraliq bo‘g‘in — mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beruvchi qonunni imzolagan edi.
Ular 200 mln so‘mgacha omonatlarni qabul qilishlari va 5 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratishlari mumkin bo‘ladi. Ularning portfelining kamida 70%i mikro biznes va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun kreditlar bo‘lishi kerak.
Fintex-ekspert, PayWay hammuallifi Behzod Botirov Spot uchun bergan intervyusida mikromoliya banklari O‘zbekistonda tadbirkorlik va bank sanoatini rivojlantirishga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida gapirib berdi.
Avvalroq Spot Halyk Bank va Click bitimini yakunlashga tegishli organlarning ruxsati kerakligi haqida yozgandi.
Qozog‘iston banki to‘lov xizmatining 49%ini $176,4 mlnga sotib oladi, Click esa Tenge Bank aksiyalarining xuddi shuncha qismini $60,76 mlnga oladi.