23-iyul kuni Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov matbuot anjumanida Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish loyihasi haqida fikr bildirdi, deb yozadi Gazeta.uz.

Aziz Abduhakimov hozircha vazirlikka loyiha bo‘yicha rasmiy hujjatlar kelib tushmaganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar loyiha tashabbuskori bo‘lgan Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasidan Qurilish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologik ekspertiza markazi va boshqa tegishli idoralar loyiha bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishlari uchun hujjatlarni olib kelishni so‘ragan.

Biroq Ekologiya vaziri tashabbusning mazmun-mohiyatini o‘rganmay turib, uni amalga oshirishdan bosh tortishga erta ekanini ta’kidladi.

Abduhakimovga ko‘ra, agar loyiha rasman taqdim etilsa, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

“Uni kelgandan keyin biz, albatta, jamoat muhokamasiga qo‘yamiz, hamma ko‘rsin shuni. Uni qanaqadir berkitib, kechasi shunday qo‘l qo‘yib chiqarib yuboradigan, menimcha, hech kim yo‘q o‘zi respublikada”, — deydi Abduhakimov.

O‘tgan hafta ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova (Urikguli) Mening fikrim platformasiga Sea Breeze Uzbekistan loyihasi bo‘yicha petitsiya joylashtirdi. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga murojaatida loyihaning mustaqil va keng qamrovli ekologik va ijtimoiy ta’sirini o‘tkazishga, ochiq jamoatchilik eshituvlarini ta’minlashga va ekologik ekspertiza yakunlangunga qadar loyihani amalga oshirishni to‘xtatib turishga chaqirdi.

Yaqinda bergan intervyusida Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi atrofida shaffoflik yetarli emasligi haqidagi savolga bugungi kunda tasdiqlangan va kelishilgan loyiha yo‘qligini aytdi. Tadbirkor, shuningdek, Ozarbayjondagi Sea Breeze kabi loyiha jamoatchilik bilan muhokama qilinishiga va’da berdi.

Ayni paytda Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasi doirasida qurilish ishlari boshlanmagan.Agalarov Development hozirda loyiha ekspert muhokamasi va ruxsat beruvchi hujjatlarni yig‘ish bosqichida ekanligini ma’lum qildi.

Sea Breeze Uzbekistan

2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.

Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.

Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.

Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.

Iyun oyi boshida Agalarov Development prezidenti xalqaro sayyohlik markazi hududini birinchi marta ko‘zdan kechirdi. Agalarov bo‘lajak sayyohlik markazini aylanib chiqib, bir yil ichida natijani ko‘rsatishga va’da beradi. U birinchi ko‘chmas mulkni namoyish etish uchun mulk egalari, ijaraga beruvchilar va mehmonlarni tashish maqsadida qayiq va paromlar o‘rnatishni taklif qilgan.

“Birinchi bosqichda biz 100 gektarga yaqin maydonni o‘zlashtirishni taklif qilishga qaror qildik. Hozirda bosh rejani ishlab chiqish ishlarini davom ettiryapmiz va u yerda mavjud Sea Breeze [Boku]da bunyod etilgan binolarga o‘xshash inshootlarni qurishni rejalashtirmoqdamiz. Ularni mahalliy me’yorlarga moslashtirish oson. Aynan shu yozning o‘zidayoq qurilishni boshlash mumkin”, — dedi Emin Agalarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda kanalizatsiya, suv va gaz ta’minoti kabi barcha turdagi kommunikatsiyalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Loyiha “Chorvoq oromgohi” (Piramida) dam olish maskanidan boshlanadi. Unga qarama-qarshi tomonda maydoni 500 gektar va uzunligi taxminan 5−6 km bo‘lgan sohil joylashadi.

Chorvoq suv omborining qarama-qarshi qirg‘oqlarida joylashgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasining ikki qismini bog‘lash uchun 1100 metr uzunlikdagi ko‘prik barpo etiladi. Uning qurilishi bilan esa yaqin vaqt ichida davlat shug‘ullanadi.

E’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan’ning Yakkatut va Boladala aholi punktlari oralig‘idagi hududni egallagan shimoliy qismida villalar, mehmonxonalar, turar joylar, restoranlar va boshqa obyektlar quriladi.

Turistik markaz loyihasini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalarining umumiy maydoni 679 gektardan ortiqni tashkil etadi. Shundan sug‘orilmaydigan yerlar — 480,14 gektar, sug‘oriladigan yerlar — 37,22 gektar va qolgan toifalar 161,7 gektardir.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining birinchi kuni yakunida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.