Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bakalavriatura uchun qabul parametrlari bo‘yicha taqsimotini e’lon qildi.
Bu 2025/2026-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi, kechki hamda masofaviy ta’lim shakllariga umumiy qabul parametrlarining ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitish tillari bo‘yicha taqsimlanishini belgilaydi.
Ular bilan batafsil quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin.
Bundan tashqari, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha grant asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ayrim sohalar uchun maqsadli qabul parametrlari taqsimoti tasdiqlandi.
- maktab ta’limi sohasi uchun (ta'lim yo‘nalishlari va tuman (shahar)lar kesimida);
- sog‘liqni saqlash sohasi (tuman va shaharlar kesimida);
- san’at sohasi (ta'lim yo‘nalishlari va teatrlar kesimida).
Shuningdek, kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun ajratilgan to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shimcha qabul parametrlarining oliy ta’lim muassasalari kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha 2% li davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining oliy ta’lim muassasalari va ta’lim shakllari kesimidagi taqsimoti belgilandi.
Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lganlar uchun mamlakat bo‘yicha jami 3 907 ta qo‘shimcha davlat granti kvotasi ajratilgan. Ta’lim shakllari kesimida:
- kunduzgi ta’lim shakli uchun — 2 968 ta;
- kechki ta’lim shakli uchun — 575 ta;
- masofaviy ta’lim shakli uchun — 364 ta.
Oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanlashlari kerak.
Joriy yilgi qabulda ham minimal o‘tish bali o‘zgarishsiz qoldi. Grant uchun minimal o‘tish bali 68 ball, kontrakt uchun esa 56,7 ballni tashkil etadi.
Avvalroq maktabdagi so‘nggi 6 yillik o‘rtacha baholar test sinovlari baliga qo‘shilmasligi haqida xabar berilgandi. Prezident farmoni bilan 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarning shahodatnomasidagi 6 yillik baholar o‘rtachasi test ballariga qo‘shilishi rejalashtirilgan edi.