Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida 600 MVt quvvatli ikkita ma’lumotlar markazi qurilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.
24iyul kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Xitoyning Shanghai LinkWise Data Intelligence kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar Xitoy kompaniyalarining O‘zbekiston energetika sohasida olib borayotgan ishlari va kelajakdagi rejalari muhokama qilindi.
Energetika vazirligi va Shanghai LinkWise Data Intelligence kompaniyasi o‘rtasida Buxoro viloyatida 300 MVt quvvatli ma’lumotlarni qayta ishlash markazi loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Bundan tashqari, kelgusida Xitoy kompaniyasi Surxondaryo viloyatida quvvati 300 MVt bo‘lgan yana bir data-markaz qurishni rejalashtirmoqda.
Muzokaralar yakunida tomonlar memorandumga muvofiq loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
2024-yil dekabr oyida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” data-markazlarni ishga tushirish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va SOCAR o‘rtasida Ustyurt platosida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolangani haqida yozgandi.
Loyiha doirasida seysmik va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, uglevodorodlar qazib olish rejalashtirilgan.