KamAZ savdo muammolari tufayli qisman to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tadi. Bu haqda kompaniya Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar 2025-yil 1-avgustdan kuchga kiradi va “to‘liq yuklanmagan” bo‘linmalarga ta’sir qiladi.

Birinchi yarim yillikda Rossiya yuk mashinalari bozori deyarli 60% ga qisqardi, deya ta’kidladi KamAZ. Shu bilan birga, davlat mudofaa buyurtmasini hisobga olmaganda, avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonaning o‘z savdolari qariyb 30% ga pasaygan.

Kompaniya buning sabablaridan biri sifatida Markaziy bankning pul-kredit siyosatini ko‘rsatadi, bu nafaqat transport va boshqa kompaniyalarni kredit va lizing dasturlari bo‘yicha yangi texnika sotib olish imkoniyatidan mahrum qildi, balki 2024-yilda olingan texnikani lizing beruvchiga qaytarishga majbur qildi.

Ikkinchi sabab — barcha bashoratlarga qaramay, 2024-yilda Rossiyaga “haddan tashqari ko‘p” miqdorda chet el texnikasini olib kirgan importchilarning “uzoqni ko‘ra bilmaslik siyosati"dir.

KamAZ kompaniyasining baholashicha, bunday korxonalarning omborlarida “xaridor topa olmayotgan” 30 mingdan ortiq yuk mashinasi saqlanib turibdi.

Avvalroq AvtoVAZ 2025-yil 22-iyulda “avtomobil bozoridagi tendensiyalar” — yuqori foiz stavkasi, qat’iy tartibga solish va chet ellik ishlab chiqaruvchilarning narxlarni pasaytirishi tufayli to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tishni ko‘rib chiqish rejalari haqida ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, Gorkiy avtomobil zavodi tijorat transporti bozorining pasayishi sababli 2025-yil avgust oyida to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tishga qaror qildi.


Avvalroq Spot Rossiya ham to‘rt kunlik ish haftasini joriy qilishni rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, mazkur chora mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirish uchun joriy etilishi mumkin.