Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2025/2026-o‘quv yilida mamlakat oliy ta’lim muassasalari magistraturasi uchun o‘qishga qabul qilish parametrlarining mutaxassisliklar va o‘qitish tillari bo‘yicha taqsimotini e’lon qildi.
Bunda, kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha jami 20 210 ta kvota belgilangan bo‘lib, shundan 9 922 tasi davlat granti, 10 288 tasi esa to‘lov-kontrakt shakliga to‘g‘ri keladi.
Grant uchun o‘zbek tiliga 8 725 ta, rus tiliga 1 197 ta, kontrakt uchun o‘zbek tili — 8 538 ta, rus tili — 1 750 ta kvota belgilangan.
Shu bilan birga, magistraturaning kechki hamda masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qishga qabul qilish parametrlarining mutaxassisliklar va o‘qitish tillari bo‘yicha ham taqsimoti tasdiqlandi.
Kechki shakl uchun jami 1 319 ta (shundan, o‘zbek tili — 1 107 ta, rus tili — 138 ta, qoraqalpoq tili — 74 ta) vkota ajratilgan.
Masofaviy ta’lim shakli uchun jami 420 ta qabul parametri belgilangan bo‘lib, shundan, 352 tasi o‘zbek tili, 53 tasi rus hamda 15 tasi qoraqalpoq tiliga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, vazirlik magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatini e’lon qildi. U bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Joriy yilda magistratura uchun qabul 8-iyuldan boshlandi. Arizalarni 30-iyulgacha my.edu.uz platformasi orqali topshirish mumkin.
Avvalroq oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlangani haqida xabar berilgandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanlashlari kerak.