Neuralink kompaniyasi keng ko‘lamli kengayishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Bloomberg nashri.
Kompaniya 2031-yilga kelib yiliga 20 minggacha neyroimplantni o‘rnatishni va kamida $1 mlrd daromad olishni maqsad qilgan.
Shuningdek, rivojlanish strategiyasi doirasida miya chiplarini implantatsiya qiluvchi beshta yirik klinika ochilishi rejalashtirilmoqda.
Ayni paytda Neuralink uchta qurilma ustida ish olib bormoqda: Telepathy (miya-kompyuter interfeysi), Blindsight (ko‘rish qobiliyatini tiklash) va Deep (Parkinson kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni qo‘llab-quvvatlash).
Kompaniyaning ichki hujjatlarida ko‘rsatilishicha, Telepathy 2029-yilgacha, Blindsight esa 2030-yilda AQSh bozoriga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, kompaniya rahbari Ilon Mask texnologik taraqqiyot sur’atlari bo‘yicha kutilmalarni oshirib, o‘z loyihalarini ishga tushirish muddatlarini bir necha bor kechiktirgan.
2016-yilda asos solingan Neuralink miyani kompyuter bilan bevosita bog‘lash uchun interfeyslar ishlab chiqarmoqda. Kompaniya 2024-yil boshida insonda o‘tkazilgan ilk operatsiya haqida ma’lumot berdi.
Ikkinchi bemorning jarrohlik amaliyoti haqida Ilon Mask 2024-yil avgustda xabar qildi. Uchinchi bemorga implant o‘rnatilgani 2025-yil yanvarda ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Spot Xitoyda miya implantini joylashtirish bo‘yicha birinchi operatsiya o‘tkazilgani haqida yozgandi.
Klinik sinovlarning keyingi bosqichida bemor kundalik vazifalarni bajarish uchun robotlashtirilgan qo‘lni boshqarishni o‘rganadi.