2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida minimal o‘tish bali o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan OTMlari uchun o‘tish ballari belgilandi. Bu quyidagicha:

  • davlat granti bo‘yicha minimal o‘tish bali — 68 ball (maksimal 189 ballning 36%i);
  • to‘lov-kontrakt bo‘yicha minimal o‘tish bali — 56,7 ball (maksimal 189 ballning 30%).

Mazkur talabni bajarmagan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari uchun tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanlashlari kerak.

Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani to‘g‘risidagi yakuniy tanlov natijalari ta’lim yo‘nalishlarini tanlash to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.

Qabul-2025

2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan boshlandi. Arizalar 25-iyungacha onlayb qabul qilindi. Joriy yilgi qabulda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.

Amaldagi tartibga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Imtihonlar iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.

Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.

Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.

Avvalroq maktabdagi so‘nggi 6 yillik o‘rtacha baholar test sinovlari baliga qo‘shilmasligi haqida xabar berilgandi. Prezident farmoni bilan 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarning shahodatnomasidagi 6 yillik baholar o‘rtachasi test ballariga qo‘shilishi rejalashtirilgan edi.