Toshkentda aholi xonadonlariga “aqlli” ichimlik suvi hisoblagichlarini o‘rnatish ishlari boshlanmoqda, deya xabar berdi Toshkent shahar suv ta’minoti matbuot xizmati.
Diehl Metering kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan hisoblagichlar Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan suv quvurlari va kanalizatsiya tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyiha doirasida o‘rnatilmoqda. Tashabbus suv iste’molini monitoring va nazorat qilish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, iste’molchilar har doim ham eski hisoblagichlarning ko‘rsatkichlarini suv ta’minoti tashkilotining ma’lumotlar bazasiga o‘z vaqtida yetkazib bermagan. Shu sababli “tushunmovchiliklar” va xizmatlar uchun to‘lovlarning kechikishi, shuningdek, boshqa noqulayliklar yuzaga keladi.
Yangi hisoblagichlar radiomodul bilan jihozlanmoqda. Shu tufayli ular suv sarfi va uning bosimi, shuningdek, nosozliklar va ishga aralashishga urinishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda uzatishlari mumkin.
Hisoblagichlarning o‘rnatilishi abonentlarni ma’lumotlarni billing tizimiga uzatish zaruratidan ozod qiladi, deya ta’kidladi O‘zsuvta'minot filiali.
Shuningdek, shaxsiy kabinetda suv iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish va uni mobil ilovalarda to‘lashni soddalashtiradi.
“Aqlli” hisoblagichlarning kafolatli xizmat muddati 5 yilni tashkil etadi. Agar bu vaqt ichida nosozliklar aniqlansa, ishlab chiqaruvchi ularni kafolat shartlariga muvofiq ta’mirlaydi.
Hisoblagichlar Shayxontohur tumanining bir nechta hududlarida sinov davridan o‘tdi. Hisobga olish asboblarini keng miqyosda almashtirish 2025-yilning uchinchi choragida Yangihayot tumanidan boshlanadi.
Keyingi 5 yil ichida jami 670 ming dona “aqlli” hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Almashtirish iste’molchilar uchun bepul bo‘ladi.
Avvalroq Spot 2030-yilgacha O‘zbekistonda issiqlik ta’minotini subsidiyalashdan to‘liq voz kechilishi haqida yozgandi.
Issiqlikta’minoti boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev buning uchun isitish va issiq suv tariflari yiliga bir yoki ikki marta ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.