Chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasi uchun to‘lovlardan uziladi

Endi har oyning 3-sanasigacha qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar agentlikning Toza makon billing elektron tizimidan Hududiy elektr tarmoqlari kompaniyasining billing tizimiga uzatiladi.

Undan keyin chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha HET’ning 2100 qisqa raqamidan SMS-xabarnoma yuborilib, undan keyin qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun vaqt beriladi. Bu muddat ichida mavjud qarzdorlik to‘lanishi lozim.

Abonentlar tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa, ularda elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Shu bilan birga, bu cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.

Mazkur tartib 2025-yilning 30-iyunigacha bo‘lgan qarzdorliklar uchun tatbiq etilmaydi hamda 1-iyuldan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun 1-avgustidan boshlab qo‘llaniladi.

Xizmat sifati bo‘yicha taklif hamda shikoyatlar bilan Chiqindilarni boshqarish agentligining 24/7 rejimida ishlaydigan 1205 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkin.


Ish haqi va stipendiyalar miqdori oshiriladi

2025-yilning 1-avgustidan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10% ga oshiriladi.

Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar budjet hamda Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, xususiy sektorda ishlovchi fuqarolarning ham to‘lov qobiliyatlarini rag‘batlantirish uchun ish beruvchilarga ish haqi miqdorini MHTEK miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorlarda to‘lash tavsiya etilmoqda.


Bazaviy hisoblash miqdori oshiriladi

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori amaldagi 1 mln 155 ming so‘mdan 1 mln 271 ming so‘mga oshirildi.

Bazaviy hisoblash miqdori esa 412 ming so‘mga yetkaziladi. Amalda bu 375 ming so‘mni tashkil etgandi.


Mebel ishlab chiqaruvchilar mahalliy mebel texnologlariga xorijiy sertifikat xarajatlarining yarmi qoplab beriladi

Mahalliy mebel texnologlari xorijiy nufuzli tashkilotlarning malaka sertifikatlarini olish uchun sarflanadigan xarajatlarning 50% qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.


Ayrim ekologik tekshiruvlar Yagona davlat nazorati tizimida ro‘yxatga olish orqali o‘tkaziladi

Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi inspektorlari ayrim holatlarda tezkor nazorat tadbirlarini tekshiruvlar boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali amalga oshiradi.

Bu Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida quyidagi holatlar aniqlanganda tatbiq etiladi:

  • yuridik shaxslarning o‘z hududida bino, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yo‘q qilish;
  • o‘lchami 500 kv.metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish;
  • yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash.

Oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglament va standartlar bo‘yicha talablar o‘zgartirilmoqda

Prezidentning tegishli farmoni bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati bo‘yicha vakolatli organ vazifalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi. Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari daxldor vazirlik va idoralar bilan kelishilgandan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi.


Tashkilotlardagi ayrim lavozimlar uchun tanlovlar faqat argos.uz orqali o‘tkaziladi

Respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqat argos.uz orqali o‘tkaziladi.

Test sinovlari Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli orqali maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy onlayn proktoring tizimi orqali o‘tkaziladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga tanlovning suhbat bosqichiga davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, OTM, ilmiy tashkilotlar yoki davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlarining vakillaridan ekspertlarni jalb qilish huquqi beriladi.

Agentlik tanlov yakunlariga ta’sir ko‘rsatgan va bartaraf etib bo‘lmaydigan kamchiliklar aniqlansa, tegishli davlat organiga tanlov komissiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritishi mumkin.


Barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi

16-iyun kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari “ishchan va jozibador muhit yaratish” uchun 1-avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshirilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.

“Lekin, qars ikki qo‘ldan chiqadi. O‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan xodimlarga chora ko‘riladi. Ana shunda hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi. Viloyat, tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, vazirlar, bank rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: yarim yil yakuni bilan „g‘alvirni suvdan ko‘tarib“, kim nima ish qilgani bo‘yicha qattiq so‘rov qilaman”, — dedi davlat rahbari.


UzPost bo‘limlarida e-commerce servis markazlari ochiladi

Mamlakatning 14ta hududidagi tuman pochta aloqasi bo‘limlarida elektron tijoratga xizmat ko‘rsatish markazlari ishga tushiriladi. Ularda yirik marketpleys hamda tadbirkorlar bilan tovarlarning onlayn savdosi yo‘lga qo‘yiladi.