Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish staji bor fuqarolarga tavsiyanoma berish huquqiga ega vazirlik, idoralar va yirik xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tavsiyanomaga ega abituriyentlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining masofaviy yoki kechki ta’lim shakllariga suhbat natijalariga ko‘ra, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadilar.

Talabgorlar 1-avgustdan 15-avgustgacha (shu kuni ham) Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Ro‘yxatda 88 ta tashkilot keltirilgan bo‘lib, ular bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.

Bunda, ular bilan suhbat o‘tkazish va talabalikka qabul qilish hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.

Avvalroq oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlangani haqida xabar berilgandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanlashlari kerak.