O‘zbekistonda aviachiptalar narxining yuqoriligi aviayoqilg‘i tanqisligi bilan bog‘liq. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, narxlar va tariflarni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov Kun.uz'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Fevral oyida O‘zbekistonda aviachiptalar narxi 22,4%ga oshdi, yillik o‘sish esa 23,2%ni tashkil etdi. Raqobat qo‘mitasi vakilining aytishicha, bir oy ichida narxlarni pasaytirib, taxminan bir xil darajaga qaytarishga muvaffaq bo‘lingan. Butun dunyo bo‘ylab mahalliy yo‘lovchilarni havo va temir yo‘l orqali tashish zarar keltiradi, deya ta’kidladi rasmiy.
Aviachiptalar narxi keskin ko‘tarilgandan so‘ng, monopoliyaga qarshi organga aviatashuvlar bozorini tahlil qilish vazifasi topshirildi. Idora takliflar ishlab chiqib, ularni prezident Administratsiyasiga taqdim etdi. U yerda aviachiptalar narxini pasaytirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
“Aviayoqilg‘i aviachiptalar narxining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. O‘zbekistonda aviakerosin taqchilligi kuzatilmoqda”, — dedi Ulug‘bek Davlatov.
Kun.uz jurnalistining aviayoqilg‘i bozorida raqobat mavjud emasligi haqidagi savoliga amaldor O‘zbekiston bozorida beshta kompaniya aviakerosin yetkazib berish bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.
Raqobat qo‘mitasi barcha mahalliy aviakompaniyalarga ichki reyslar sonini ko‘paytirishni taklif etgan, biroq ular bu taklif foydasiz bo‘lgani sababli uni rad etishgan. Iqtisodchi Otabek Bakirov bunga aviakerosinning qimmat narxi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Ulug‘bek Davlatov aviatsiya yoqilg‘isi qimmatligini tan olib, monopoliyaga qarshi organ aviakerosin narxini pasaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini berganini ta’kidladi.
Masalan, Toshkent aeroportiga aviayoqilg‘i yetkazib beruvchi asosiy kompaniyalar Uzbekistan Airports va Uzbekistan Airways bo‘lib, Sanegning ulushi 10%dan oshmaydi. “Bozorda raqobat cheklanmagan,” — deya xulosa qildi u.
Mart oyida Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov prezidentning aviachiptalar narxini oshirmaslik va narxlarni shakllantirish jarayonini nazorat qilish bo‘yicha topshirig‘i haqida gapirgan edi.
May oyida Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistondagi yo‘lovchi aviakompaniyalarini sun’iy ravishda aviachiptalar taqchilligini yaratganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirgan edi. Uzbekistan Airways va uning Silk Avia sho‘ba korxonasi mahalliy aviaqatnovlar narxini pasaytirgan edi.
Avvalroq Spot Etihad Airways Abu-Dabidan Toshkentga aviareyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, BAA aviakompaniyasi 2026-yilning mart oyidan boshlab poytaxtlar orasida haftasiga 6 ta reysni bajarishni mo‘ljallamoqda.