Spot tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida so‘zlab beruvchi “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihasini davom ettiradi.

Bu safargi materialda Cambridge o‘quv markazi, Jahon school maktabi asoschisi Jahongir Po‘latov bilan suhbatlashdik.

U ish faoliyati davomida asosan nimalardan foydalanishi haqidagi savollarga javob berdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:


Ish stolida nimalar bor?

Ish jarayonidan alohida xonam yoki ish stolim yo‘q. Sababi, zamon tezlashgan, tadbirkorlar har kuni har xil joyda bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi — bitta joyda o‘tirib ishlash go‘yoki imkonsizdek.

Ko‘p safarlar, ofis joylashuvlarining almashishi va yangi filiallar ochilish ehtimolimiz bo‘lgani tufayli shaxsiy xonam bo‘lishidan voz kechganman. Jonli uchrashuvlar bo‘lib qolgan taqdirda ofislarimizdagi miting xonalaridan foydalanamiz.

Men uchun eng muhimi — har qanday sharoitda ishga yoki uchrashuvga tayyor holatda bo‘lish. Safarda, uyda, ofisda yoki samolyotda bo‘lamanmi, muhimi istalgan joyda ishlay olishim kerak. Shuning uchun ham alohida xonam yo‘q, maksimal moslashuvchan bo‘lishga harakat qilaman.

Ryukzakda nima bor?

Har qanday vaziyatda hamda muhitda ishlashim uchun eng kerak bo‘ladigan narsa — bu ryukzak va unda hamma kerakli jihozlarim bo‘ladi. Uning ichidagi eng kerakli ish qurolim esa noutbuk: doim o‘zim bilan bo‘ladi.

Shu bilan birgalikda kichik sumka ham olib yuraman. Unda hamma kerakli quvvatlash moslamalari joy olgan: simlar, “power bank” va boshqa jihozlar.

Bilasizmi, mana shu ryukzak bilan istalgan joyda ishlab keta olaman: bu menga moslashuvchanlikni beradi.

Hujjatlar, kartalar uchun maxsus sumkam ham bor. Ichida eng muhim narsalar sim karta, pasport, pul, tashrif qog‘ozi hatto vizaga topshirish uchun rasmlarim ham doim o‘zimda tayyor turadi: odatda ko‘p kerak bo‘ladi.

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Ryukzagim ichidagi doimiy yana bir hamrohim nam va quruq salfetkalar. Turli joylarda ishlaganimiz uchun istalgan paytda ularga ehtiyoj tug‘ilib qolishi mumkin.

Ba’zan planshetni ham olib yuraman. Uchrashuv shakliga qarab qurilmalarimni o‘zgartiraman.

Tanishtirmoqchi bo‘lgan eng so‘ngi ish qurolim “cardolder”. Uni IMAN kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Rustam Rahmatov sovg‘a qilgan. Odatda unda haydovchilik guvohnomasi, tashrif qog‘ozi va ozroq pul turadi.