Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi Samarqandda 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi quradi. Bu haqda viloyat hokimligining Facebookdagi sahifasida ma’lum qilindi.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi vakili Yasuhide Machida bilan muzokara o‘tkazdi.

Unda Samarqandda tibbiyot sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, ya’ni zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish masalasi muhokama etildi.

Uchrashuvda Samarqand viloyatida DXSh tamoyili asosida 800 o‘rinli, ko‘p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazini barpo etish loyihasi ko‘rib chiqildi. Loyiha Samarqand shahrining Shirin massivida amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, kompaniya vakillari bundan oldin ham ikki marta Samarqandda bo‘lib, viloyat hokimligi mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Jumladan, 2025-yilning fevral oyida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi vakili Yasuhide Machida hamda Ronesans International kompaniyasi raisi Jem O‘zoguz bilan uchrashgan.

Unda Yaponiya va Turkiya bilan mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilish va kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishgan.

2024-yil iyul oyida Toshkentda Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi vakolatxonasi ochilgandi. O‘shanda kompaniyaning loyihalaridan biri Samarqandda $300 mlnlik tibbiyot markazi qurilishi bo‘lishi xabar berilgandi.