Marg‘ilonda Margilan City Mall&Residence majmuasining qurilishi boshlandi, deya xabar bermoqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

26-iyul kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida ramziy kapsula qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Majmua shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi Navro‘z mahallasida barpo etiladi va Yangi O‘zbekiston massivining tarkibiy qismiga aylanadi.

Uning hududida 12, 14 va 16 qavatli 11 ta turar-joy binosi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular jami 785 ta xonadonni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, aholi uchun savdo markazi, bolalar o‘yin maydonlari va avtomobil to‘xtash joyi ham mavjud bo‘ladi.

Loyiha qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra $35 mlnga baholanmoqda.

Uch oy oldin Marg‘ilonning aynan shu mahallasida nomi ma’lum qilinmagan turk kompaniyasining bosh rejasi asosida turistik majmua qurilishi boshlangandi. Majmuaning asosiy qismini Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi ilmiy-ma'rifiy turizm markazi tashkil etadi.

Bosh rejada mehmonxonalar, bozor, gastronomik markaz, masjid, muzey, yotoqxona, ilmiy-tadqiqot markazi, tadbirlar zali, shuningdek, ikkita istirohat bog‘i mavjud. Bularning barchasi 35 gektar maydonda joylashadi.


Avvalroq Spot Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida Tojikiston bilan $10 mln qiymatidagi sim zavodi qurilayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, joriy yil oxirigacha zavodda alyuminiy va mis kabel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.