O‘zbekiston va Airbus mahalliy aviaparkni modernizatsiya qilish va kengaytirishga kelishib oldi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
28-iyul kuni vazir Laziz Kudratov va Airbus kompaniyasining Yevropa bo‘yicha prezidenti Yoxan Pelissi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Xususan, O‘zbekiston havo kemalari parkini modernizatsiya qilish va kengaytirish orqali turistik oqimni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Toshkent davlat transport universiteti hamda “Airbus” kompaniyasi o‘rtasida uchuvchilarni tayyorlashga oid maxsus dastur ishlab chiqilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
2022-yil noyabr oyida O‘zbekiston mahalliy aviakompaniyalar uchun Fransiyada ishlab chiqarilgan 17 ta samolyot va ikkita vertolyot yetkazib berishga kelishib olgandi.
Airbus va ATR konsernlaridan buyurtma qilingan samolyotlarning umumiy qiymati 815,3 mln yevroni tashkil etdi.
2024-yil mart oyida Transport vazirligi Airbus International kompaniyasiga O‘zbekistonda mintaqaviy markaz ochishni taklif qildi.
Kompaniyalar, shuningdek, Toshkent davlat transport universiteti talabalarini ikki yillik o‘qitishni tashkil etish va aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash uchun maxsus trenajyorlar o‘rnatishni taklif qildi.
Avvalroq Spot yarim yil ichida Uzbekistan Airways foydasi 45% ga o‘sib, 390 mlrd so‘mni tashkil etgani haqida yozgandi.