O‘zbekiston hukumati to‘rtta yirik davlat bankini xususiylashtirishni 2025-yil oxirigacha yakunlashni kutmayapti. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026−2028 yillar uchun mo‘ljallangan fiskal strategiyada so‘z boradi.
Vazirlikning qayd etishicha, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank, Aloqabank va Turonbank’dagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish, bunda birinchi bosqichda ularni institutsional o‘zgartirish nazarda tutilgan. Ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketini sotish rejalashtirilgan.
O‘zsanoatqurilishbank'ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025−2026 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Qolgan uchta bankni xususiylashtirish esa 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan.
O‘z navbatida, O‘zmilliybank, Agrobank, Mikrokreditbank, Xalq banki va Biznesni rivojlantirish banki’ni sotish 2026−2028-yillar davomida ko‘zda tutilmagan. Iqtisodiyot va moliya vazirligining tushuntirishicha, ushbu beshta bankdagi davlat ulushini saqlab qolish aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va bank xizmatlari bilan hududiy qamrovni kengaytirishga qaratilgan.
Joriy yilning aprel oyida Fitch Ratings agentligining bank sektori bo‘yicha direktori Pavel Kaptel O‘zbekistondagi ayrim davlat banklarini xususiylashtirishning yana kechiktirilishi mumkinligini qayd etgandi. U 2025-yil oxirigacha Aloqabank, Asakabank va O‘zsanoatqurilishbank'ni bir vaqtning o‘zida sotish vazifasini “juda katta maqsad” deb baholadi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi bank tizimi aktivlaridagi davlat ulushini 40% gacha kamaytirish uchun hukumatni davlat banklarini xususiylashtirish jarayonini tezlashtirishga undadi. Jamg‘armaning fikricha, bu moliyaviy barqarorlikni oshirish va iqtisodiyotda resurslarni samarali taqsimlash imkonini beradi.
Davlat banklarini xususiylashtirish
2019-yilning aprel oyida prezident O‘zsanoatqurilishbank aksiyalari paketini birlamchi (IPO) va Aloqabanknikini ikkilamchi (SPO) taklifga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bir yil o‘tib, 2020-yilda davlat rahbari YTTB va boshqa xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda 6 ta bankdagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich sotish rejasini tasdiqladi.
Ayni paytda hujjatda ko‘rsatilgan kredit muassasalaridan faqat bittasini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Vengriyaning OTP banki 2022-yil oxirida Ipoteka-bank'ning 75% ulushini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi va yarim yildan so‘ng bitimni yopdi. 2023-yil dekabr oyida OTP Bank yangi sho‘ba bankini qo‘shimcha kapitalizatsiya qildi va o‘tgan yozda minoritar aksiyadorlar bilan muzokaralarni boshladi.
2022-yilda tasdiqlangan xususiylashtirish dasturida o‘sha yilning oxirigacha Asakabank va O‘zsanoatqurilishbank ulushlarini ommaviy savdolarga chiqarish belgilangandi. Shuningdek, Aloqabank va boshqa kredit tashkilotlarini IPOga chiqarish vazifasi qo‘yildi. Biroq, 2023-yil avgust oyida ulushlarni sotish muddati 2024-yil oxiriga ko‘chirildi, keyin esa 2025-yil oxirigacha uzaytirildi.
Shu bilan birga, Fitch tahlilchilari biznes modellarining davom etayotgan transformatsiyasi tufayli banklarni xususiylashtirish kechikishi kutilayotganini ma’lum qildi. Keyinroq agentlik YTTB va boshqa xalqaro tashkilotlar minoritar aksiyadorlar sifatida ishtirok etganda aktivlarni sotish istiqbollari yaxshilanishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, S&P ham xususiylashtirish “vaqt talab etishini” bildirdi.
2024-yilning may oyida YTTB xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Asakabankka investitsiya kiritishi mumkinligini ma’lum bo‘ldi. Davlat bankiga institutsional o‘zgarishlar va korporativ boshqaruvni isloh qilishda yordam beriladi.
Avvalroq O‘zbekiston Mobiuz mobil operatorini $300 mlnga sotishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.