Telegram rahbari 28-iyul kuni Parij sudida messenjerning jinoiy faoliyatga aloqadorligi bo‘yicha ish doirasida qayta so‘roq qilinmoqda, deya xabar bermoqda Kod Durova nashri.
Ta’kidlanishicha, Pavel Durov Parij sudiga qora kostyum va kepkada to‘rt nafar advokat — David-Olive Kaminski, Kristof Ingren, Robin Binsar va Isaak Arnu hamrohligida kelgan.
Sud binosida u o‘z ishini olib borayotgan ikki tergov sudyasining xonasiga yo‘l oldi. Advokatlar izoh berishdan bosh tortdilar.
Parij prokuraturasining ta’kidlashicha, Durov ishi bo‘yicha yangi ma’lumotlar yo‘q, tergov davom etmoqda. Ishdan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, advokatlar ish bo‘yicha Parij apellyatsiya sudiga turli iltimosnoma va shikoyatlar kiritgan.
Shuningdek, ish doirasida Yevropa Ittifoqi sudiga “konstitutsiyaviylikka oid ustuvor masala” va “dastlabki sharhga oid masala” topshirilgani ma’lum bo‘ldi.
TACC nashrining xabar berishicha, Parijdagi sudda Durovni so‘roq qilish 9 soatdan ortiq davom etgan. RIA Novosti esa so‘roq qariyb 10 soat cho‘zilganini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Pavel Durov jinoyat qilmagan bo‘lsada, Fransiyani tark eta olmayotgani haqida xabar bergandi.
Telegram rahbari yangi intervyusida qamoqqa olinishi, bu holat platformaning maxfiylik siyosati bilan qanday bog‘liqligi va raqamli shaxsiy ma’lumotlarga bo‘lgan tazyiq qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida gapirdi.