Farg‘ona viloyati hokimligi viloyat yo‘llarida yuk avtomobillari harakatini cheklash to‘g‘risida qaror chiqardi. Hujjat hukumat portalida e’lon qilindi.
Og‘ir yuk mashinalari uchun har kuni soat 8:00 dan 18:00 gacha umumiy foydalanishdagi yo‘llar, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishga taqiq joriy etiladi. U 20-iyuldan 20-oktabrgacha uch oy davomida amal qiladi.
Cheklovlar bir o‘qqa 10 tonna va undan ortiq yuk tushadigan avtomobillarga nisbatan qo‘llaniladi. Shuningdek, ular yonuvchan va atrof-muhit uchun xavfli yuklarni tashiydigan yoki boshqa maxsus talablarga javob bermaydigan transport vositalariga ham tegishli.
Tegishli ruxsatnoma mavjud bo‘lganda, mahalliy tadbirkorlarning tovarlarini tashuvchi yuk mashinalari bundan mustasno hisoblanadi. Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlar, kommunal va sanoat xizmatlarining maxsus transport vositalari ham bu taqiqqa kirmaydi.
Qarorga ko‘ra, yuk avtomobillarining harakatini cheklash taklifini viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasi ilgari surgan. Ushbu chora “keskin iqlim sharoitlari” davrida avtomobil yo‘llarining holatini saqlashga qaratilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda yo‘llarda vazn nazorati punktlarini tashkil etish topshirildi. Shuningdek, ularga qarorning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish vazifasi ham yuklandi.
Avvalroq Transport vaziri 2030-yilgacha O‘zbekistonda asfaltlanmagan yo‘l qolmasligi haqida aytgandi.
Hozirda tuproq yo‘llarning 70%i shag‘al yoki asfalt bilan qoplangan. Qolgan 30%ini esa ikki yil ichida shag‘al bilan qoplash rejalashtirilgan.