Avvalroq Spot Toshkent-Samarqand yuqori tezlikdagi temir yo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi 2025-yil oxirigacha yakunlanishi haqida yozgandi. 2026-yil yanvaridan boshlab tender o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlash rejalashtirilgan.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand oralig‘idagi mavjud temir yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish rejalari haqida ma’lumot berdi. Bu haqda 28-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan transport va logistika sohasidagi tadbirkorlar bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z yuritildi.

“Hozirgi kunda biz boshqa maslahatchilar bilan hamkorlikda mavjud Toshkent-Samarqand temir yo‘lining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bo‘yicha texnik yechimlarni ishlab chiqmoqdamiz. Yangi yuqori tezlikdagi yo‘l qurilishi yakunlanishini kutib o‘tirmaymiz — allaqachon mavjud yo‘nalishning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kamida 20%ga oshirishni maqsad qilganmiz,” — deya ma’lum qildi vazir.

Biroq, Transport vazirining so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazuvchanlik qobiliyatining oshishi yo‘lovchilar uchun chipta narxining arzonlashishiga olib kelmaydi.

“Biletlar bilan bog‘liqlik yo‘q, gap faqat yuklamani kamaytirish haqida ketmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.

2023-yil noyabr oyida O‘zbekiston temir yo‘llari raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov Spot bilan suhbatda O‘zbekistonda bir vaqtning o‘zida ham yo‘lovchi, ham yuk tashishga xizmat ko‘rsatish uchun temir yo‘l infratuzilmasi yetarli emasligini aytgan edi.


Avvalroq Spot prezident yil yakunigacha Navoiy-Buxoro tezyurar temir yo‘li qurilishini yakunlashni topshirgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Nukus-Miskin temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish, Toshkent-Parkent va Toshkent-Urgut temir yo‘llari qurilishini yakunlash vazifasi berildi.