Uzbekistan Airways’ning sof foydasi birinchi yarim yillikda qariyb 45 foizga oshdi. Bu Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan moliyaviy hisobotdan ma’lum bo‘ldi.
Aviachiptalar va boshqa xizmatlar savdosi o‘tgan yilgi 7,6 trln so‘mga nisbatan 8,71 trln so‘mni tashkil etdi (+14,6%). Ularning tannarxi shu vaqt ichida atigi 11,4% ga oshib, 7,64 trln so‘mni tashkil etdi. Aviatashuvchining yalpi foydasi 1,07 trln so‘mdan oshdi (+43,3%).
Aviakompaniyaning operatsion xarajatlari yil boshidan buyon qariyb uchdan bir qismga oshib, 504,99 mlrd so‘mni tashkil etdi. Xususan, ma’muriy xarajatlar qariyb 60% ga oshib, 92,23 mlrd so‘mni tashkil etdi.
188,6 mlrd so‘m (+12%) qo‘shimcha daromadni hisobga olgan holda, asosiy faoliyatdan olingan foyda 754,52 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi natijadan 43% yuqoridir.
Aviakompaniyaning moliyaviy faoliyatidan keladigan daromadlari 479,1 mlrd so‘mgacha ko‘tarilib, 39,3% ga oshdi. Dividendlar uch baravardan ko‘proqqa (177,3 mlrd so‘mga) kamaygan bir paytda, kompaniyaning valyuta kurslari tafovutidan ko‘rgan foydasi sezilarli darajada o‘sib, 424,85 mlrd so‘mni tashkil etdi va 58% ga ko‘paydi.
Shu bilan birga, valyuta kursining o‘zgarishi bilan bog‘liq zararlar 549,37 mlrd so‘mgacha (+40,3%) oshgan. Boshqa xarajatlar bilan birgalikda moliyaviy faoliyat bilan bog‘liq xarajatlar 771,6 mlrd so‘mga (+39,7%) oshgan.
Uzbekistan Airways’ning hisobot davridagi umumiy sof foydasi 389,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. Aviakompaniya 72,1 mlrd so‘m foyda solig‘i to‘lagan.
Kompaniya aktivlari 20,86 trln so‘mgacha (+16,3%) o‘sdi, bu birinchi navbatda yetkazib beruvchilar va pudratchilarga avanslarning ikki baravar ko‘payishi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, aviakompaniyaning ular oldidagi qarzdorligi 2,28 trln so‘mga yetib, majburiyatlarga ta’sir ko‘rsatgan.
Avvalroq Spot Uzbekistan Airways 2026-yilda ikkita tor fyuzelyajli Airbus A321neo samolyotini olishi haqida yozgandi.
172 o‘rinli laynerlar CALC kompaniyasidan lizingga olinadi hamda ularning bortida internet mavjud bo‘ladi.