ChatGPT’ning yangi versiyasi botlarni taniydigan tasdiqlash tizimlarini, shu jumladan Cloudflare tomonidan tekshiruvni chetlab o‘tishga qodir. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, sun’iy intellekt endi shaxsiy yordamchi sifatida foydalanuvchi nomidan harakatlarni amalga oshirishi mumkin.
Mavjud funksiyalar orasida: onlayn xaridlar, uchrashuvlarni rejalashtirish va restoranlarda stollarni band qilish.
Internetda ChatGPT “Men odamman” belgisini o‘rnatish va bu haqda foydalanuvchini oldindan xabardor qilish orqali mustaqil ravishda CAPTCHA’dan o‘tishni o‘rganib olgani muhokama qilinmoqda.
OpenAI kompaniyasining ta’kidlashicha, foydalanuvchi nomidan biror harakatni amalga oshirishdan oldin yordamchi har doim ruxsat so‘raydi.
Kengaytirilgan imkoniyatlar tufayli xavflar oshganini tan olgan holda, OpenAI kompaniyasi o‘zining yangi avtonom sun’iy intellekti uchun kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini joriy etganini da’vo qilmoqda.
Avvalroq kompaniya asoschisi Sem Altman ChatGPT bilan yozishmalar sudda oshkor qilinishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.
OpenAI rahbari foydalanuvchilar, ayniqsa yoshlar, psixologik, tibbiy yoki moliyaviy yordam olish uchun ChatGPT’ga murojaat qilishayotgani aytdi. U bunday suhbatlar haqiqiy mutaxassislar bilan suhbatlar kabi maxfiylik darajasiga ega emasligini tan oldi.
“Agar siz ChatGPT bilan eng shaxsiy narsalarni muhokama qilsangiz, keyin sud ishi boshlansa, bizni bu ma’lumotlarni taqdim etishga majbur qilishlari mumkin”, — deya ta’kidladi u.
Bundan tashqari, sud OpenAI’ga foydalanuvchilarning barcha chatlarini — hatto ular o‘chirilgan yoki “vaqtinchalik” deb belgilangan bo‘lsa ham saqlash majburiyatini yuklagan.