Toshkent hokimligi poytaxtda faoliyat yuritayotgan qurilish kompaniyalari maqomini tekshirish uchun maxsus sayt ishga tushirilganini ma’lum qildi.
“Sahifaning yaratilishiga poytaxt hokimligi botiga qurilish masalalari bo‘yicha kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar sabab bo‘ldi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Qayd etilishicha, shahar aholisi muayyan quruvchining faoliyati to‘xtatilganligini onlayn tarzda bilib olishlari mumkin bo‘ladi.
Qurilish tashkilotlarining holatini ushbu havola orqali tekshirish mumkin.
Tekshirish uchun qurilish kompaniyasining yuridik shaxs nomini kiritish talab etiladi va alohida loyihalar bo‘yicha ma’lumot bermaydi.
Xizmat bepul taqdim etiladi va tashkilotlar bazasi doimiy ravishda yangilanib boriladi.
Shu bilan birga, saytda qayd etilishicha, hokimlik ro‘yxatda nomi chiqmagan firmalarning shartnoma majburiyatlarini bajarishi va qurilish obyektini o‘z vaqtida topshirilishiga javobgar emas.
Avvalroq Spot Toshkentdagi bir qator turar-joylar va binolar qurilishi to‘xtatilgani haqida yozgandi.
Tumanlardagi ishchi guruhlari vakillari qurilish maydonlarida bo‘lib, savdo ofislarini muhrlab, obyektlarni elektr ta’minotidan uzib qo‘yishdi.