Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, barcha korrupsiya holatlarining 75%i asosan shahar va tumanlar darajasida yuzaga keladigan maishiy korrupsiya bilan bog‘liq. Prezidentning 21-apreldagi farmoniga muvofiq, Bosh prokuraturada korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil qilish bo‘yicha alohida sho‘ba tashkil etilib, hududlarga chiqqan holda korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlari tizimli o‘rganilmoqda.
Prokuratura tizimidagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ilmiy-tadqiqot markazida 200 dan ortiq mutaxassis ilm va tahlil bilan shug‘ullanayapti. Umuman, huquq-tartibot idoralarida 100 mingdan ziyod xodim korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlayapti.
“Lekin ko‘p hollarda bu illatning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayapti. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan preventiv choralar hali yetarli emas. Har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida byurokratiya, „korrupsiyaviy tuynuklar“ to‘liq yo‘qolgani yo‘q”, — deyiladi xaabrda.
Taqdimotda shu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Mamlakatda 43 ta nazorat idorasi bor. Hamma vazirliklarda komplayens nazorat bo‘limlari tashkil etilgan. Avvalo, ularning samaradorligini oshirish vazifasi qo‘yildi. Vazirlik va idoralar huzuridagi inspeksiyalarning bu boradagi faoliyatiga ham tanqidiy munosabat bildirildi.
Prezident korrupsiyaning faqat kamaygani emas, qanchasining oldi olinganiga qarab, davlat idoralari faoliyatini baholash kerakligini ta’kidladi.
Yer ajratish bo‘yicha shaffof tizim joriy qilingani, lekin, joylarda bu borada noqonuniy xatti-harakatlar haligacha uchrab turgani qayd etildi. Shu bois kadastr, O‘zbekkosmos, qurilish va boshqa tegishli tashkilotlar ma’lumotlarini tahlil qilib, bunday holatlarga butunlay chek qo‘yish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish va barcha sohalar ustidan “raqamli nazorat” o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida parlamentning mas’ul qo‘mitalariga mahallagacha tushib, korrupsion holatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, davlat xaridlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarni kamaytirish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirish kabi dolzarb masalalarda tavsiyalar berilgan edi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning korrupsiya bo‘yicha reytingdagi o‘rni o‘zgarishsiz qolgani haqida yozgandi.
Mamlakat 180ta davlat orasida 121-o‘rinni saqlab qoldi, biroq uning ball ko‘rsatkichi 33dan 32gacha pasaydi.