Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavot eksportini ko‘paytirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Unda davlat rahbari diplomatlarga eksportchilarga yetkazib berishni tashkil etishda faolroq ko‘maklashishga chaqirdi.
Yig‘ilishda bugungi kunda 5 ming 100 gektardan ortiq maydonni egallagan issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ular tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi so‘nggi yetti yilda qariyb besh barobar o‘sishni ko‘rsatdi va 2024-yil yakuniga ko‘ra 546 ming tonnaga yetdi.
Biroq issiqxona egalari kredit yuki ortib borayotgani, o‘g‘itlar qimmatlashayotgani va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilmoqda. 600 gektardan ortiq maydonni egallagan xo‘jaliklar o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan, 128 gektar maydondagi issiqxonalar esa qarzdorlik tufayli banklar balansiga o‘tgan.
Davlat rahbari ichki bozor va eksportga mahsulot yetkazib berish majburiyatini olgan xo‘jaliklarni qish mavsumida kafolatlangan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Issiqxonalarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun oktabr-mart oylarida ularga gaz narxining 50%i miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi. Xo‘jaliklar 1-oktabrga qadar gaz ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi.
Ko‘mir yoki boshqa muqobil yoqilg‘ida ishlaydigan obyektlarga, agar eksport majburiyatlari mavjud bo‘lsa, gazga qaytish imkoniyati ham beriladi. Bundan tashqari, issiqxonalarni muqobil yoqilg‘iga o‘tkazish uchun berilgan kreditlarni qaytarish muddati uzaytiriladi.
Texnologiya asosida ishlaydigan issiqxona nasoslarini tashkil etgan tadbirkorlarga ularni qurish xarajatlarining 20%igacha qismi qoplab beriladi. Agar ishlar kreditga olingan bo‘lsa, foiz to‘lovlarining 4%igacha bo‘lgan qismi budjetdan qoplab beriladi.
Shuningdek, issiqxonalar toifasidan qat’i nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘laydi. 2028-yilgacha issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq 1%gacha pasaytiriladi.
Soliq qo‘mitasiga issiqxonalardan qayta yo‘naltirilgan gazdan foydalanish samaradorligini tahlil qilish topshirildi. Agar boshqa sohalarda uning hisobidan yaratilgan qo‘shilgan qiymat past bo‘lsa, gazni issiqxonalarga yo‘naltirish kerak, dedi prezident.
Ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy ta’siri bilan bog‘liq muammolarni uzil-kesil hal qilish vazifasi qo‘yildi.
“Barcha eshitib olsin: issiqxonalar bu — oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik masalasi hisoblanadi”, — dedi prezident.