2025-yilning yanvar-iyun oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 265 trln so‘mdan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
Xususan, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 265, 54 trln so‘mni (taxminan $21,2 mlrd) va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 32,9% ni tashkil etdi. Yarim yillikda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti hajmi 807,97 trln so‘mdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2% ga o‘sdi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot norasmiy va yashirin iqtisodiyotga bo‘linadi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 201,28 trln so‘mga (YIMdagi ulushi 24,9%), yashirin iqtisodiyot esa 64,26 trln so‘mga (8%) teng bo‘ldi.
Dastlabki olti oyda uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati hamda yashirin iqtisodiyot hajmining tarmoqlar bo‘yicha tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qildi — jami hajmga nisbatan 75,1%.
Unda keyingi o‘rinlarda qurilish (35,9%) va xizmatlar sohasi (35,2%) turibdi. Shuningdek, sanoat tarkibida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 10,5% ni tashkil etdi.
2024-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi 505,65 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 383,64 trln so‘mga, yashirin iqtisodiyot esa 122 trln so‘mga teng bo‘ldi.
O‘tgan yili Bosh prokuratura tomonidan 747 mingdan ortiq holatda rasmiy sektorda aks etmagan aylanmalar hisobga olinib, budjetga qo‘shimcha 15,9 trln so‘m mablag‘ undirildi. Xufiyona iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq jinoyat ishlari doirasida qariyb 2 trln so‘m zarar undirildi.
Joriy yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilingandi.
Iyun oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, tadbirkorlarni “soya"dan olib chiqishda ijobiy natijalar mavjudligiga qaramay, xufiyona iqtisodiyot ulushi yuqoriligicha qolmoqda.
Avvalroq uch oyda O‘zbekistonning davlat qarzi $2,22 mlrdga oshib, $42 mlrddan ortiqni tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $7,08 mlrdga o‘sdi. Uning asosiy qismi — $35,55 mlrdi tashqi qarz, $6,87 mlrdi esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.