UzAuto Motors Raqobat qo‘mitasi talabiga binoan avtomobil yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga bir qator o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Nazorat qiluvchi organ avtomobil ishlab chiqaruvchining dilerlik korxonalari tomonidan taqdim etilgan shartnomalarda qonun hujjatlariga biroz zid bo‘lgan holatlarni aniqladi. Tahlil natijalariga ko‘ra, kompaniya namunaviy hujjatning 21 ta kichik bandiga o‘zgartirishlar kiritdi.
Yil davomida bir xil UzAuto Motors modeli uchun shartnoma tuzish fakti aniqlanganda yetkazib berish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi band chiqarib tashlandi. Kompaniya bu holatda muddatni 120 kunga uzaytirishi mumkin edi.
Bundan tashqari, “Fors-major” bo‘limida ishlab chiqaruvchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha ishlab chiqarishda vaqtinchalik tanaffus bo‘lganda yetkazib berish muddati qo‘shimcha ravishda 45 kungacha uzaytirilishi mumkinligi belgilangan. Bungacha u “Sotuvchining majburiyatlari” bo‘limiga kiritilgan edi.
Kompaniya tomonidan qo‘shimcha shartnoma imzolangandan keyin 30 kun ichida pulni qaytarish muddati 10 kunga qisqartiriladi.
Shuningdek, shartnomaning yangi tahririda sotuvchining qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlari yanada aniq belgilanadi.
Raqobat qo‘mitasi UzAuto Motors harakatlarini olqishladi va o‘zgarishlar “iste'molchilar manfaatlari uchun” kiritilayotganini ta’kidladi.
Avvalroq Spot UzAuto Motors foydasi birinchi chorakda ikki baravardan ko‘proq qisqargani haqida yozgandi.
Tushum va yalpi foydada ham pasayish qayd etildi, davlat kompaniyasining xarajatlari esa biroz oshdi.