O‘zbekistonda kartel fitnasi ishtirokchilari uchun javobgarlikni yengillashtirish dasturini joriy etish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati.
31-iyul kuni Raqobat qo‘mitasida kartellarga qarshi kurashda javobgarlikni yumshatish dasturlarini (Leniency Programme) qo‘llash amaliyotiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston hukumati va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikda amalga oshirilayotgan institutsional salohiyatni oshirish doirasida bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekistonda Leniency dasturini ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro ekspert Liya Grauberger ishtirok etdi.
Taqdimot davomida AQSh, Germaniya va Yaponiya kabi mamlakatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan “Mehrli” dasturlarining huquqiy va institutsional mexanizmlari haqida tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
“Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Koreya tajribasiga tayangan holda mazkur dasturni O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha dastlabki taklif va g‘oyalar ilgari surildi”, deyiladi xabarda.
Tadbirda Raqobat qo‘mitasi markaziy apparati rahbariyati va mutaxassislari ham ishtirok etdi. Xususan, seminarda Monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, narxlar va tariflarni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov hamda Yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Sherzod Shodmonqulov ishtirok etdi.
Qo‘mita saytida insofsiz raqobat, til biriktirish va kartel kelishuvlariga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i lavozimi bo‘sh qolgani ko‘rsatilgan.
2023-yildagi “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 20-moddasiga ko‘ra, raqobatga qarshi bitim yoki muvofiqlashtirilgan harakatni tuzish to‘g‘risidagi ariza bilan monopoliyaga qarshi organga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda murojaat qilgan raqobatga qarshi bitim yoki muvofiqlashtirilgan harakat ishtirokchisi bo‘lgan jismoniy shaxs, xo‘jalik yurituvchi subyekt, yuridik shaxslar birlashmasi tegishincha ma’muriy va moliyaviy javobgarlikdan ozod qilinadi.
2019-yilda Kobe universiteti (Yaponiya) huquq fakulteti doktoranti Husayn Rajapov Gazeta.uz'da O‘zbekistonda monopoliyaga qarshi tartibga solishni kuchaytirishning bir nechta usullarini taklif qilgan edi. Xususan, takliflardan biri “yumshoqlik dasturi"ni (leniency program) joriy etish mexanizmini ishlab chiqish bilan bog‘liq edi.