Avvalroq Soliq qo‘mitasi issiqxonalarni gaz bilan ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etish uchun 4 ta ishchi guruh tuzgani haqida xabar berilgandi.
Qo‘mita matbuot xizmati mazkur ishchi guruh joylarda issiqxonalar faoliyatidagi muammolarni o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatishni boshlaganini ma’lum qildi.
Xususan, Soliq qo‘mitasi tomonidan 3,3 mingta issiqxona xo‘jaligining har biri bo‘yicha soliq qarzi va moliyaviy jarimalarni to‘lash muddati ularning shaxsiy hisob kartochkalarida uzaytirilib, banklardagi hisob raqamlari harakati barqarorlashtirilmoqda.
31-iyul, soat 15:00 holatiga ko‘ra, 2 644 ta issiqxonaning 449,7 mlrd so‘mlik soliq to‘lovlari muddati 2026-yilning 1-yanvarigacha uzaytirildi. Qolganlari bo‘yicha ham ishlar davom ettirilmoqda va bugun yakunlanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2 490 ta xo‘jalikka tegishli 2 831 ta obyekt bo‘yicha 8,7 ming gektar yer maydoni sanoat toifasidan qishloq xo‘jaligi toifasiga o‘tkazildi. Natijada, ularning ixtiyorida 48,8 mlrd so‘m mablag‘ qoladi.
Soliq qo‘mitasi bu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan biznes vakillarining aylanma mablag‘lari ko‘payishi va iqtisodiy holatining yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini kutmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni bozor narxida baholashga o‘tiladi va soliq stavkalari pasaytirilishi haqida xabar berilgandi.