Soliq qo‘mitasi issiqxonalarni gaz bilan ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etish uchun 4 ta ishchi guruh tuzdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev 30-iyul kuni gazdan boshqa sohalarda foydalanish samaradorligini o‘rganib, zarur hollarda issiqxonalarga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Topshiriqlarni bajarish shu kuni bo‘lib o‘tgan qo‘mitaning navbatdan tashqari Hay’at yig‘ilishining asosiy mavzusi bo‘ldi.
Unda, issiqxonalardan qisqartirilib sohalarga yo‘naltirilgani tabiiy gaz sarfining samaradorligini o‘rganish, baholash va natijalari bilan tegishli xulosa tayyorlash maqsadida qo‘mitaning respublika ishchi shtabi tashkil etildi.
Amalga oshiriladigan aniq vazifalar belgilanib, 4 ta ishchi guruhi tuzildi. Ularning asosiy vazifasi:
- issiqxonalarni maxsus savolnomalar asosida to‘liq xatlovdan o‘tkazish, ular bilan uchrashish, muammolarini aniqlash;
- issiqxonalarning hisobi, yer maydoni, ishlab chiqaradigan mahsuloti, ishlatiladigan yoqilg‘i hajmi hisobi, elektron gaz hisoblagichlar integratsiyasini nazarda tutuvchi yagona elektron dashbord ishlab chiqish;
- ishlatilgan tabiiy gaz hajmi samaradorligini sohalar bo‘yicha baholash;
- issiqxonalarga soliq majburiyatini bajarishga ko‘maklashish, jumladan qo‘llanilgan moliyaviy jarimalarni tegishli qaror qabul qilingunga qadar ijroga qaratish muddatini o‘zgartirish orqali ularning hisob raqamlari harakatini barqarorlashtirish.
Qayd etilishicha, issiqxonalar faoliyatida mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan me’yoriy hujjat loyihasini ishlab chiqishga qaror qilindi.
Soliq qo‘mitasi Raisi va o‘rinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhlari 31-iyuldan bevosita hududlarda ish olib boradi.
Avvalroq Spotn O‘zbekistonda soliq tushumlari 20% ga o‘sib, 102 trln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.
QQS va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha tushumlar eng katta o‘sishni ko‘rsatdi. Toshkentda soliq yig‘imlari 31% ga ko‘paydi.