2026-yilda Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li qurilishi boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy strategiyasida aytiladi.

Hujjatga ko‘ra, kelgusi yilda O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy va O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston xalqaro temir yo‘llari qurilishida faol ishtirok etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Toshkent-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha tezyurar poyezdlar uchun qo‘shimcha yangi temir yo‘l qurish loyihasini ishga tushirish, Nukus-Miskin-Urganch-Buxoro yangi tezyurar temir yo‘l liniyasini foydalanishga topshirish va yangi tezyurar poyezdlarning muntazam qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

May oyida O‘zbekiston temir yo‘llari rahbari Zufar Narzullayev prezidentning 2025-yil oxirigacha Navoiydan Buxoroga yangi tezyurar temir yo‘lini qurish va Nukus-Miskin uchastkasini elektrlashtirish bo‘yicha topshirig‘i haqida gapirgan edi.

Yaqinda transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari joriy yil oxirigacha yakunlanishini ma’lum qilgan edi. 2026-yil yanvar oyidan tenderni o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlashni boshlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Toshkent-Samarqand yo‘nalishidagi mavjud temir yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kamida 20% ga oshirish rejalashtirilgan. Transport vazirligi yangi yuqori tezlikdagi liniya qurilishi yakunlanishini kutib o‘tirmaydi va maslahatchilar bilan texnik yechimlarni ishlab chiqmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston Transafg‘on temir yo‘li bo‘yicha TIA ishlab chiqish shartnomasi imzolagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, bo‘lajak temir yo‘l liniyasi Termiz-Naybobod-Maydanshahr-Logar-Xarlachi yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.