Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekkosmos agentligi tomonidan oxirgi ikki yil davomida sohada foydalanilayotgan 4 mln gektardan ziyod yerlar kosmik monitoring qilindi. Natijada, hisobotlarda ko‘rsatilgan ayrim maydonlarda paxta ekilmagani, ayrim hollarda esa zaxiradagi yoki egasi noma’lum yerlarga ekilgani aniqlangan.

Davlat tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilishini masofaviy monitoring qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligidan kelib chiqib, mamlakatda kam suv talab qiladigan yangi navlar va agrotexnologiyaga o‘tilmoqda. Lekin ekinlarni sug‘orishda suv sarfi me’yori hozirgi haqiqatdagi talabga javob bermasligi ko‘rsatib o‘tildi. Gidromodul rayonlashtirish yondashuvi eskirgani oqibatida kanallar oxirida joylashgan 3 mingdan ziyod fermerga suv yetib bormayapti.

Qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilgan holda sug‘orish me’yori va gidromodul rayonlashtirishni to‘liq yangilash vazifasi qo‘yildi.

Fermerlar sarflayotgan suvning haligacha aniq hisobi yo‘qligi qayd etilib, buning barcha bosqichlarini raqamlashtirish, suvning konturma-kontur hisobini yuritish zarurligi ta’kidlandi.

Suv omborlari sig‘imi ham loyihaviy quvvati bo‘yicha hisoblanib kelinar edi. So‘nggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan o‘tkazildi. Loyqa cho‘kkani sababli ayrimlarining sig‘imi kamaygani aniqlandi.

Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv miqdorini onlayn kuzatish, ulardagi loyqani kamaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilishda sohani raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi ishga tushiriladi. Bu orqali hozirda fermerlar foydalanayotgan yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar bo‘yicha 30 dan ortiq platformadagi xizmatlar birlashtiriladi.

Bu bilan dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qiladi. Buni platformaga ham uning o‘zi kiritadi. Natijada asosiy, takroriy va to‘qsonbosti ekinlar miqdori oldindan ko‘rinadi. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, narx-navo barqarorligi va dehqonlarning daromadida juda muhimligi qayd etildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi. Yetishmayotgan mahsulotni ko‘paytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiya beriladi.

Sohada uchuvchisiz apparatlardan foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Kuzda 100 dan ziyod zamonaviy dron olib kelinadi. Mutasaddilarga xususiy sektorni jalb etib, fermerlarga dronlar yordamida xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Somonpoyalarni yoqishga chek qo‘yishning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi aytildi.

Kosmik tadqiqotlarda qurilish, kadastr, noruda konlari, o‘rmon va yaylov yerlari bo‘yicha ham tahlillar borligi ta’kidlanib, vazirlar va hokimlarga ularni o‘rganib, rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Mo‘g‘ulistondan qo‘y va echki import qiluvchilarga 10% lik imtiyozli kreditlar ajratilib, ijaraga yer berilishi haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonga mamlakatdan 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish rejalashtirilmoqda. Ularning soni 2029-yilning oxirigacha 1 mlnga yetkaziladi.