1-avgustdan talabalar turar joyi uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Talabalar arizalarni Yagona portal (my.gov.uz) orqali yuborishlari mumkin. Bunda xizmat avtomatik tarzda ko‘rsatilib, hech qanday to‘lov hamda hujjat qabul qilinmaydi.
Tegishli reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar turar joyga qabul qilinadi. Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida taqsimlanadi.
Bunda yotoqxonalar quyidagicha ajratiladi:
- 1-kurs talabalari uchun — 55−65%;
- 2-kurs talabalari uchun — 15−20%;
- 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun — 20−25%.
Arizalar qabuli 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Spot talabalar turar joyi uchun arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha videoqo‘llanmani taqdim etgandi.
2025/2026-o‘quv yilida OTMlarning birinchi bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natija chiqqandan so‘ng ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi. Ular uchun ham joylar yuqoridagi tartib asosida ajratiladi.
Avvalroq oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlangani haqida xabar berilgandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanlashlari kerak.