O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 725,16 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 32 so‘m 74 tiyinga oshdi.
24-iyul kuni Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi 109 so‘m 5 tiyinga pasayib, 12 653,48 so‘mni tashkil etgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda iyul oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi.
O‘zbek so‘mi ketma-ket uchinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Iyul oyida milliy valyuta kursi 62,4 so‘mga, yil boshidan buyon esa 328 so‘mga qimmatladi.
Spot ekspertlarning dollar qadrsizlanishi, oltin eksporti va pul o‘tkazmalarining o‘sishi hamda so‘m mustahkamlanishi haqidagi fikrlarini taqdim qildi.
Tahlilchilarning fikricha, mamlakatga valyuta oqimining kirib kelishi so‘m barqarorligiga yordam beradi. Biroq, uning mustahkamlanishi import tovarlarining arzonlashishiga ta’sir qilmasligi mumkin. Yil oxiri bilan dollar kursi 12 700−12 800 so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda iyun oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi. So‘m ketma-ket ikkinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanishda davom etdi. Iyun oyida milliy valyuta 114 so‘mga qimmatlashdi (+0,89%).