1-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahriga avia yo‘lovchilar oqimi 2030-yilda 15 mlnga yetishi kutilmoqda. Lekin bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmasligi, shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoni yo‘qligi qayd etildi.

Shu bois Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurish rejalashtirilgan. Bugungi kunda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar ushbu yirik loyihaning barcha jihatlari bo‘yicha axborot berdi.

Yangi Toshkentda aeroport

2024-yil sentabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot bilan suhbatda poytaxtning 13-tumani — Yangi Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishini ma’lum qilgandi.

“Barchasi reja asosida. Hozircha hech kim hech narsa boshlamagan. Tez orada — prezident ma’qullagach boshlanadi. Avval investor topishimiz va u bilan hamma narsani kelishib olishimiz kerak. Loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida [amalga oshiriladi]”, — dedi u.

Transport vaziri o‘rinbosarining qayd etishicha, vaqt o‘tishi bilan yangi operatorlarni jalb qilish, xususiy investitsiyalar va yangi yer uchastkalarini o‘zlashtirish bilan o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Yangi aeroport qurilgach, moslashish va sinovdan o‘tkazish davri boshlanadi, bu esa taxminan 2−3 yil davom etadi.

Choriyev o‘sib borayotgan yo‘lovchilar oqimi va talablarni qondirish uchun mavjud aeroportni doimiy ravishda kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Yangi aeroport foydalanishga topshirilgunga qadar mavjudiga investitsiya kiritish, jumladan, perronlar, avtoturargohlar va aerovokzalni kengaytirish davom etadi.

“Biz [yangi aeroport] qurganimizdagina investitsiyalarni to‘xtatamiz. Keyin moslashuv davri boshlanadi. Men investitsiya kiritish va kengaytirishni to‘xtatishni aytgan bo‘lardim. Agar biz [mavjud aeroportni] kengaytirmasak, yomon ahvolga kelib qoladi”, — dedi Jasurbek Choriyev.

Agar 2030-yilgacha yangi aeroport qurilsa, hech bo‘lmaganda 2028−2029-yillarga qadar mavjud aeroportni rivojlantirish va unga sarmoya kiritish kerak, deya qo‘shimcha qildi u. Moslashish davrida yangi aeroportga o‘tish munosabati bilan mavjud aeroportga investitsiyalar to‘xtatiladi.

Prezidentning 2024-yilning 31-avgustdagi qarori bilan Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports”, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligiga sentabr oyida yangi aeroport qurish va boshqaruvini topshirish bo‘yicha strategik tashabbuskorlar bilan muzokaralar o‘tkazish topshirilgan.

Loyihaning dastlabki qiymati $1,5 mlrdni tashkil etib, 2025-yilda loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, xususiy sherikni tanlash rejalashtirilgan. 2026-yilning dekabrigacha esa DXSh bitimini imzolash belgilangan.

“Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Yangi Toshkent” bosh rejasiga muvofiq, hududda aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Iyun oyida hukumat qarori bilan egizak minoralar, ikkita universitet kampusi, davlat idoralari va qirg‘oq joylashgan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlangandi.

Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini shu yilning sentyabr oyi boshida yakunlash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati Spotga ma’lum qildi.