Amerika texnologiya korporatsiyasi Microsoft 4 trillion dollarlik bozor qiymatini oshirib, tarixiy rekordni o‘rnatdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Bu voqea kuchli choraklik hisobot va rekord darajadagi investitsiyalar prognozi e’lon qilinganidan so‘ng yuz berdi — kompaniya yangi moliyaviy yilning birinchi choragidayoq $30 mlrd sarflashni rejalashtirmoqda.

Microsoft Nvidia’dan keyin bu ko‘rsatkichga erishgan ikkinchi kompaniya bo‘ldi: aksiyalar 6,6% ga ko‘tarilib, bir dona uchun $546,33dan savdoga qo‘yilmoqda.

Asosiy o‘sish drayveri Azure bulutli platformasining jadal rivojlanishi va sun’iy intellektning Microsoft mahsulotlariga, jumladan, Office va korporativ yechimlarga integratsiyalashuvidir.

OpenAI’ga kiritilgan sarmoyalar o‘z samarasini berishda davom etmoqda: bulutli va sun’iy intellekt xizmatlariga bo‘lgan talab, ayniqsa, sun’iy intellektni kundalik operatsion faoliyatga joriy etishga intilayotgan bizneslar tomonidan keskin oshdi.

“Microsoft bulutli infratuzilma va korporativ sun’iy intellekt sohasida yetakchiga aylanib, katta kapital xarajatlarga qaramay, yuqori rentabellikni namoyish etmoqda”, — dedi Stonehage Fleming fondi boshqaruvchisi Gerrit Smit.

Microsoft’ning yuqori samarali bulutli va sun’iy intellekt infratuzilmasi modeliga o‘tishi raqobatchilar — Apple va Nvidia’ga qaraganda ancha ilg‘or bo‘lib chiqdi. Biroq, 2022-yil oxiridan beri, ChatGPT chiqarilgandan so‘ng, Microsoft aksiyalari ikki baravardan ko‘proqqa oshdi, bu sun’iy intellektga strategik stavka natijasidir.

Global sun’iy intellekt poygasi fonida boshqa texnologik gigantlar ham investitsiyalarni ko‘paytirmoqda: Meta, Alphabet va Amazon xarajatlarni oshirish uchun byudjetlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Microsoft, o‘z navbatida, asosiy texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirishga e’tibor qaratib, xarajatlar va xodimlar sonini kamaytirmoqda.

AQShning yangi tariflari bilan bog‘liq savdo xatarlariga qaramay, Microsoft’ning ishonchli natijalari hamda Nasdaq va S&P 500 fond indekslarining o‘sishi investorlarning sun’iy intellekt inqilobining boshida turgan kompaniyalarga bo‘lgan yuqori qiziqishini aks ettiradi.


Avvalroq Spot Microsoft 200 nafar xodimini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Ishdan bo‘shatilgan xodimlar o‘rniga ularning o‘zlari ishtirok etgan holda ishlab chiqilgan sun’iy intellektdan foydalaniladi.