Navoiyda atmosferaga zararli chiqindilarni me’yordan ortiq chiqargan o‘nlab korxonalar faoliyati to‘xtatildi, deya xabar qildi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.
Ekologiya vazirligi rahbariyatidan iborat ishchi guruh Bosh prokuratura bilan hamkorlikda Navoiy shahrida atmosfera havosi ifloslanishi sabablarini aniqlash, tahlil qilish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.
Tadqiqot Navoiyda qayd etilgan oq tutun manbaini aniqlash va sanoat chiqindilari bilan bog‘liq ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida olib borilmoqda.
19 iyul kuni Navoiyda atmosfera havosining oq tutun bilan ifloslanishi bo‘yicha laboratoriya tahlillari va boshqa ma’lumotlar to‘plandi. Mobil laboratoriya yordamida shaharning 11 ta nuqtasida havoning ifloslanish darajasi tahlil qilinganda, oltingugurt dioksidi bilan belgilangan me’yordan 1,86 barobar, ammiak bilan esa 1,43 barobar ko‘pligi aniqlandi.
Shu kuni soat 05:30 da (sobiq Elektrokimyo zavodi hududida) Sogda kimyo zavod, Ferrosplav va “Zarafshon industrial technology” zavodlariga tutash hududda qisqa vaqt ichida konsentratsiyalangan chiqindi videosi dalil sifatida taqdim etilgan.
Tekshiruv davomida Ekologiya vazirligi Sogda Kimyo Zavod o‘z faoliyatini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazmasdan amalga oshirayotganini aniqladi. Zavod hududida ruxsat etilmagan chiqindixona aniqlanib, qurilish chiqindilari belgilangan me’yorlarga zid ravishda olib chiqib ketilmoqda va uning tashqarisiga joylashtirilmoqda.
Bundan tashqari, korxona zararli moddalarni ochiq suv havzasiga to‘playdi, kimyoviy moddalar erishi natijasida hosil bo‘lgan kislotali oqovalarni ochiq joyga tashlaydi, shuningdek, atmosferaga nazoratsiz tashlamalarni amalga oshiradi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori 7,38 mlrd so‘mga baholandi.
Ferrosplav korxonasi davlat ekologik ekspertizasi xulosasisiz faoliyat yuritmoqda. Xom ashyoni eritish jarayonida atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqariladi, sanoat chiqindilari esa tartibsiz holda to‘planib qolmoqda.
Zarafshon Industrial Technology davlat ekologik ekspertizasi xulosasida ko‘rsatilgan talablarni bajarmagan. Zararli moddalarning ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyasidan ko‘p marotaba oshib ketishi qayd etildi: vodorod sulfid darajasi — 25 baravar, azot oksidi — 12 baravar, ammiak — 7 baravar, oltingugurt dioksidi — 2,6 baravar va yana vodorod sulfid — 40 baravar me’yordan yuqori. Bundan tashqari, oltingugurt omborida zararli moddalarni xavfsiz saqlash talablariga rioya qilinmaydi.
“Mazkur sanoat korxonalari atrof-muhitni ekologik normativdan ortiq darajada ifloslantirganligi va belgilangan qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi sababli Ekologiya vazirligi tomonidan ularning faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mazkur korxonalarga ekologik tadbirlarni amalga oshirish uchun 10 kun muddat berildi. Ushbu muddat ichida korxonalar o‘z faoliyatini ekologik talablarga moslagan holda yo‘lga qo‘ymasa, sudga tegishli ravishda ularning faoliyatini tugatish bo‘yicha da’vo arizalari kiritiladi”, — deyiladi xabarda.
Ikkinchi holatda, Navoiy shahrida umumiy ekologik vaziyatni o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha 3 ta guruh shakllantirilib, shahar va unga tutash hududlardagi 168 ta sanoat korxonasi faoliyati o‘rganilmoqda.
Bugunga qadar 42 ta korxona o‘rganilib, ekologiya sohasidagi qonun talabalariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan jarima choralarini qo‘llash uchun sud organlariga materiallar tayyorlandi.
Bundan tashqari, Ekologiya vazirligi tomonidan 22 ta korxona faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagani, shuningdek, atmosfera, tuproq va suv resurslarini muhofaza qilish sohasidagi talablar qo‘pol ravishda buzilgani, chiqindilarning tabiiy chiqindixonalari aniqlangani ma’lum qilindi. Ro‘yxat:
- Qurilish mahsulotlari — g‘isht ishlab chiqarish zavodi;
- Navoiy global trans servis — granit;
- Ittifoq — g‘isht ishlab chiqarish zavodi;
- Qizilqum temir beton — plitalar;
- Qizilqum shifer — shifer;
- Stroykom-77 — bo‘yoqlar uchun pigmentlar;
- Karmana kvars — ohak zavodi;
- Navoiy util med — tibbiyot chiqindilarini yoqish;
- Navoiy asir invest — kimyoviy moddalar ombori;
- BARNO — qurilish chiqindilari poligoni;
- Navoiy sheben xom-ashyo — ohak va tosh maydalash sexi;
- Navoiy sheben xom-ashyo — ohak zavodi;
- Navoiy asir invest savdo — sirka kislotasi ombori;
- Montaj servis malikrabot — metallga ishlov berish;
- Karmanasut — sutni qayta ishlash;
- Alibobo-2020 — metall eritish;
- Fosxim agro — fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish;
- Jahon biznes baraka servis — ohak sexi;
- Rubin-karmana — asfalt zavodi;
- Sogda kimyo zavodi — kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish;
- Ferrosplav — metallarni eritish;
- Parda bobo ustaxonasi — beton bloklar.
“Shu munosabat bilan ularning faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilindi. Shuningdek, ushbu korxonalarga qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun 10 kunlik muddat berildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan 19 ta korxonaga nisbatan ularning faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan tashqari, “Navoiyazot” faoliyatini tekshirish natijasida qurilish chiqindilari ajratilmagan maydonlarda saqlanayotgani, qurum (qoldiq) ni yoqish natijasida atmosfera havosi ifloslangani aniqlangan.
Qayd etilishicha, 29-iyul kuni karbamid sexida o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, ammiak miqdori belgilangan me’yordan 1,08 barobar ko‘pligi aniqlandi.
29-iyuldan 30-iyulga o‘tar kechasi korxona atrofida o‘tkazilgan o‘lchovlar davomida ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyalardan yuqori konsentratsiyalar qayd etildi: soat 23:43 da sharqiy hududda ammiak darajasi me’yordan 1,5 baravar, vodorod sulfidi 36 baravar yuqori; soat 00:16 da g‘arbiy hududda ammiak 6,6 baravar, vodorod sulfidi 1,4 baravar, oltingugurt dioksidi 1,2 baravar yuqori.
Natijada Navoiyazot huquqbuzarliklarni bartaraf etish uchun 10 kunlik muddat bilan jarima va kompensatsiya to‘lovlari ko‘rinishida javobgarlikka tortildi.
24-iyul kuni tungi vaqtda o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbiri davrida Navoiy shahriga chegaradosh Karmana tumanining tog‘li hududida 24 nafar fuqaro tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz, ekologik me’yorlarga mutlaqo zid bo‘lgan noqonuniy ohak ishlab chiqarish faoliyati olib borilayotganligi, natijada atmosfera qora tutun va changlar bilan ifloslantirilayotganligi aniqlangan. Oqibatda jami 24 nafar fuqaroga nisbatan 18 mln so‘m jarima belgilandi hamda noqonuniy qurilmalar buzib tashlandi.
Faoliyatini ekologik ekspertizadan o‘tkazmagan, ekologik qonunchilik va talablarga muvofiq faoliyat yuritmayotgan korxonalarga jazo choralarini ko‘rish va ularning faoliyatini ekologik huquqiy me’yorlarga moslashtirish bo‘yicha Navoiy shahri bo‘ylab o‘rganishlar tun-u kun davom etmoqda.
O‘rganishlar natijasi bo‘yicha Navoiy shahri atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirishda har bir korxona kesimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ekologik tadbirlar dasturi shakllantiriladi hamda Navoiy viloyati Xalq deputatlari kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi.