O‘zbekiston hukumati Chorvoq suv ombori qirg‘og‘idagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasiga ekologik talablarni belgilaydi. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, hujjatda faollarning e’tirozlari inobatga olingan va Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasiga bir qator shartlar va majburiyatlar qo‘yiladi.

Jumladan, Toshkent shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Chorvoq suv omboriga qurilayotgan loyihalardan suv tushishi xavotir uyg‘otayotgan edi.

Qo‘yilgan talablardan biri — Chorvoq va Chirchiq daryosiga suv tushirilmaydi. Investor ushbu loyiha uchun suvni qayta ishlaydigan va yana o‘ziga ishlatadigan zamonaviy tizim yaratadi, bu borada xarajatlar to‘liq investor hisobidan amalga oshiriladi.

“Hukumat qarorida agar qoidalar buzilsa va Chorvoqqa bir tomchi suv tushirilsa ham, loyiha qurilishi to‘xtatilishi hamda investitsiya shartnomasi bekor qilinib, yer olib qo‘yilishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi.

Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Bloger Nikita Makarenko “insayder ma’lumotlari"ga tayanib, O‘zbekiston hukumati va Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasi o‘rtasida investorga “qat'iy cheklovlar” qo‘yadigan investitsiya shartnomasi tuzilishi rejalashtirilayotganini yozdi.

Nazorat qilish Ekologiya vazirligi, DXX va Bosh prokuraturaga yuklatiladi. Vazirlar Mahkamasi qarori “yaqin vaqt ichida” e’lon qilinishi kutilmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

“Ushbu normalar Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosining suvni muhofaza qilish zonalaridagi barcha inshootlarga, shuningdek, kelajakdagi barcha shunday inshootlarga tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Taftish o‘tkaziladi va barcha uchun oqova suvlarni ichimlik suvi manbalariga oqizish taqiqlanadi”, — deya ta’kidladi Makarenko.

Material e’lon qilingan vaqtda bu borada rasmiy bayonot berilmagan, Vazirlar Mahkamasining qarori esa hali e’lon qilinmagan.

23-iyul kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Chorvoqni rivojlantirish bo‘yicha bosh reja ishlab chiqilganini ma’lum qildi, deb yozadi Gazeta.uz. Keyin suv ombori atrofidagi aniq belgilangan hududlardan tashqarida yangi qurilishlarga moratoriy joriy etish rejalashtirilgan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Adilov Toshkent viloyati bosh rejasini ishlab chiqish doirasida Chorvoq zonasi uchun bosh rejani ishlab chiqish boshlanganini ta’kidladi. Hujjat nafaqat suv ombori hududini, balki boshqa ustuvor zonalarni ham qamrab oladi.

Biroz avval ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova (Urikguli) Mening fikrim platformasiga Sea Breeze Uzbekistan loyihasi bo‘yicha petitsiya joylashtirdi. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga murojaatida loyihaning mustaqil va keng qamrovli ekologik va ijtimoiy ta’sirini o‘tkazishga, ochiq jamoatchilik eshituvlarini ta’minlashga va ekologik ekspertiza yakunlangunga qadar loyihani amalga oshirishni to‘xtatib turishga chaqirdi.

Yaqinda bergan intervyusida Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi atrofida shaffoflik yetarli emasligi haqidagi savolga bugungi kunda tasdiqlangan va kelishilgan loyiha yo‘qligini aytdi. Tadbirkor, shuningdek, Ozarbayjondagi Sea Breeze kabi loyiha jamoatchilik bilan muhokama qilinishiga va’da berdi.

Ayni paytda Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasi doirasida qurilish ishlari boshlanmagan. Agalarov Development hozirda loyiha ekspert muhokamasi va ruxsat beruvchi hujjatlarni yig‘ish bosqichida ekanligini ma’lum qildi.

Sea Breeze Uzbekistan

2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.

Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.

Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.

Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.

Iyun oyi boshida Agalarov Development prezidenti xalqaro sayyohlik markazi hududini birinchi marta ko‘zdan kechirdi. Agalarov bo‘lajak sayyohlik markazini aylanib chiqib, bir yil ichida natijani ko‘rsatishga va’da beradi. U birinchi ko‘chmas mulkni namoyish etish uchun mulk egalari, ijaraga beruvchilar va mehmonlarni tashish maqsadida qayiq va paromlar o‘rnatishni taklif qilgan.

“Birinchi bosqichda biz 100 gektarga yaqin maydonni o‘zlashtirishni taklif qilishga qaror qildik. Hozirda bosh rejani ishlab chiqish ishlarini davom ettiryapmiz va u yerda mavjud Sea Breeze [Boku]da bunyod etilgan binolarga o‘xshash inshootlarni qurishni rejalashtirmoqdamiz. Ularni mahalliy me’yorlarga moslashtirish oson. Aynan shu yozning o‘zidayoq qurilishni boshlash mumkin”, — dedi Emin Agalarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda kanalizatsiya, suv va gaz ta’minoti kabi barcha turdagi kommunikatsiyalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Loyiha “Chorvoq oromgohi” (Piramida) dam olish maskanidan boshlanadi. Unga qarama-qarshi tomonda maydoni 500 gektar va uzunligi taxminan 5−6 km bo‘lgan sohil joylashadi.

Chorvoq suv omborining qarama-qarshi qirg‘oqlarida joylashgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasining ikki qismini bog‘lash uchun 1100 metr uzunlikdagi ko‘prik barpo etiladi. Uning qurilishi bilan esa yaqin vaqt ichida davlat shug‘ullanadi.

E’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan’ning Yakkatut va Boladala aholi punktlari oralig‘idagi hududni egallagan shimoliy qismida villalar, mehmonxonalar, turar joylar, restoranlar va boshqa obyektlar quriladi.

Turistik markaz loyihasini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalarining umumiy maydoni 679 gektardan ortiqni tashkil etadi. Shundan sug‘orilmaydigan yerlar — 480,14 gektar, sug‘oriladigan yerlar — 37,22 gektar va qolgan toifalar 161,7 gektardir.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining birinchi kuni yakunida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.