Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini shu yilning sentyabr oyi boshida yakunlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Spotga Uzbekistan Airways matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yangi havo bandargohiga faqat biznes aviatsiyasining charter reyslarigina ko‘chiriladi.
Iyun oyi o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishining borishi bilan tanishdi. O‘sha paytda ikkita terminal — rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish va biznes aviatsiyasiga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan, shuningdek, samolyotlar to‘xtash maydoni va angar inshootlari qurilishi davom etayotgan edi.
Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov o‘shanda Toshkent-Sharqiy aeroporti ishbilarmonlik aviatsiyasini rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida tashkil etilayotganini ma’lum qilgandi. Havo bandargohi biznes-jetlar va yuqori martabali mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi.
“Bu aeroport aslida juda zarur edi, chunki Janubiy aeroportida (Toshkent xalqaro aeroporti — Spot izohi) juda katta yuk tushmoqda. Faqatgina Uzbekistan Airways o‘rtacha yillik yo‘lovchilar oqimining 20−25% ga o‘sishini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, boshqa aviakompaniyalar ish boshladi, shuningdek, xorijiy tashuvchilar soni bir necha barobar ko‘paydi. Hozirgi mavjud hajmlar bilan aeroport qaysidir ma’noda hatto eplolmayapti”, — dedi Shuhrat Xudayqulov.
Shularni inobatga olib, davlat rahbari Toshkent-Sharqiy aeroportini tashkil etishga qaror qildi. U IKAO standartlari bo‘yicha III-A toifasiga ega O‘zbekistondagi birinchi havo uzeli bo‘ladi — bu tuman va ko‘rinish nolga teng bo‘lgan sharoitda ham parvozlarni qabul qilish imkonini beradi.
Taqdim etilgan bosh rejaga ko‘ra, yangi havo bandargohining umumiy maydoni 561 gektarni tashkil etadi. Yo‘lovchi terminali soatiga 100 kishigacha xizmat ko‘rsatadi. Aerodrom perronida bir vaqtning o‘zida 23 ta ikki palubali Boeing-747 samolyotlari turishi mumkin bo‘ladi.
Sobiq harbiy aerodrom negizida yangi havo bandargohi qurilishi 2017-yilda boshlangan. Loyihaning amalga oshirilishi mavjud aeroportga tushadigan yukni kamaytirishi kutilmoqda. Bo‘lajak aerodrom poytaxt va Yangi Toshkent uchun transport tuguni vazifasini bajaradi.
Ishlarning birinchi bosqichi, ya’ni 4 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagini yangilash ishlari 2023-yilda yakunlandi. Aerodrom eng og‘ir samolyotlarni qabul qilishi mumkin.
Bungacha davlat rahbari 2023-yilning iyul va 2024-yilning sentabr oylarida Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilish maydonchasiga tashrif buyurgandi. Prezident terminallarning tashqi ko‘rinishi va delegatsiyalar uchun qulayliklarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Avvalroq Spot Toshkent aeroporti terminalida birinchi marta kutib oluvchilar zonasi tashkil etilgani haqida yozgandi.
Aeroport uchib kelish zali rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlanib, terminal fasadini oldinga surish hisobiga 120 o‘rindiqli hudud tashkil etildi.