Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilgani haqida xabar berilgandi. Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda. Hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda.
Taqdimotda so‘nggi yillarda yo‘l xo‘jaligiga katta mablag‘ ajratilib, yangi inshootlar barpo etilayotgani qayd etildi.
Avtotransportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida muqobil yo‘llar qurilishi loyihalashtirilmoqda. Bu borada investorlarga jozibador muhit yaratish uchun “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi.
Shularga asoslanib, Toshkent bilan Samarqand o‘rtasida muqobil tezyurar yo‘l qurish loyihasiga bir necha hamkor davlatlar kompaniyalari qiziqish bildirgani ta’kidlandi.
Mutasaddilar ular bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalari va takliflari haqida prezidentga hisobot berdi.
Davlat rahbari ushbu strategik infratuzilmalarni puxta o‘ylab loyihalashtirish va tezroq amaliy bosqichga o‘tish zarurligini ta’kidladi.
8-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat 2007-yilda qabul qilingan amaldagi qonunning o‘rniga ishlab chiqilgan. Unda O‘zbekiston yo‘l xo‘jaligi sohasidagi bir qator yangi tushunchalar, mexanizmlar va me’yorlar belgilangan.
Xususan, qonun loyihasi pulli yo‘llarni qurishning huquqiy asoslarini yaratadi va loyihalarni moliyalashtiruvchi investorlar uchun imtiyozlarni belgilaydi. Ilgari buning uchun alohida qonun qabul qilinishi ko‘zda tutilgan edi.
2026-yilda Toshkentdan Samarqand va Andijonga pulli yo‘llar qurilishini boshlash rejalashtirilgan. Transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent-Andijon pulli yo‘li bo‘yicha tenderning birinchi bosqichi yil oxirigacha yakunlanishi kerakligini aytdi. Joriy yilda Toshkent-Samarqand yo‘li loyihasi bo‘yicha pudratchilar bilan shartnoma imzolanishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot 2026-yilda Toshkentdan Samarqandga tezyurar temir yo‘l qurilishi boshlanishi haqida yozgandi.